Hindistonlik ayolda hech kimda yo‘q qon guruhi topildi

Olam

image

 Hindistonning Karnataka shtati Kolar tumanidan bo‘lgan ayolda dunyo bo‘yicha ilgari noma’lum bo‘lgan qon guruhi antigeni topildi. Bu haqda “The New Indian Express” xabar berdi.

Bu noyob holat 38 yoshli ayol yurak jarrohligi uchun Kolar shahridagi shifoxonaga yotqizilganida ma’lum bo‘lgan. 

Uning qon guruhi eng ko‘p tarqalgan O Rh+ deya tahmin qilingan, biroq mavjud O-pozitiv qon zaxiralarining birortasi ham unga mos kelmagan. 

“Murakkab serologik usullar yordamida biz uning qoni barcha test namunalari bilan mos kelmasligini aniqladik. Bu juda kam uchraydigan yoki ilgari noma’lum bo‘lgan qon turi bo‘lishi mumkinligini tushunib, bemorning 20 nafar qarindoshidan qon namunalari oldik, ammo hech biri mos kelmadi. Jarayon juda ehtiyotkorlik bilan olib borildi va shifokorlar hamda oila a’zolarining hamkorligi bilan bemor qon quyishga ehtiyoj sezmasdan muvaffaqiyatli operatsiya qilindi”, degan shifoxona doktorlaridan biri. 

Bemordan olingan qon namunalari va uning oila a’zolarining namunasi Buyuk Britaniyaning Bristol shahridagi Xalqaro qon guruhlari ma’lumot markaziga yuborilgan. O‘n oy davomida olib borilgan keng ko‘lamli tadqiqotlar va molekulyar testlar natijasida ilgari noma’lum bo‘lgan qon guruhi antigeni aniqlangan. 

Ushbu antigen Cromer (CR) qon guruhi tizimiga kiradi va u topilgan joy sharafiga CRIB deb nomlangan. CR – “Cromer”, IB esa “ India, Bangalore” ma’nosini anglatadi. Shu bilan ayol CRIB antigeni aniqlangan dunyodagi ilk bemor sifatida tarixga kirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning qon bilan ishlash agentligida (Etablissement Français du Sang) olimlar dunyodagi eng noyob qon turini aniqlagandi. “Gwada negative” deb nomlangan bu yangi qon guruhi hozircha faqat bitta insonda - Gvadelupa orolidan bo‘lgan fransuz ayolda aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston qon guruhi CRIB

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing