Hindistonga davolanish uchun borgan o‘zbekistonliklar to‘nab ketildi
3-sahifa
−
26 dekabr 2023
9771Hindistonning Gurugram shahrida politsiya libosida bo‘lgan bir guruh shaxslar o‘zbekistonlik fuqaro pulini o‘marib ketdi. Bu haqda “Dunyo” muxbiri Hindistonning “Press Trust of India” axborot agentligiga tayanib, xabar berdi.
Gurugram shahrining 53-sektorida joriy yilning 23 dekabr kuni kechki soat 21:00 atrofida mehmonxonaga qaytib kelayotgan uch nafar aka-ukani politsiyachilar to‘dasi go‘yoki hujjatlarini tekshirish bahonasida to‘xtatgan. Sumkalarni ko‘zdan kechirish jarayonida 16 ming AQSH dollarini o‘g‘irlab, qochib ketgan.
O‘zini B.S. deb tanishtirgan O‘zbekiston fuqarosi Gurugram shahrida joylashgan Artemis shifoxonasiga buyrak ko‘chirish amaliyotini o‘tkazish uchun kelgan. B.S. ushbu voqea yuzasidan mahalliy politsiya idorasiga murojaat qilgan.
"Mashinadagilar o‘zlarini politsiya xodimlari sifatida tanishtirdi, shaxsiy guvohnomalarini ko‘rsatib, sumkalarimizni tekshirish kerakligini aytdi", deyiladi shikoyat xatida.
Hozir Gurugram shahrining 53-sektori politsiya bo‘limi tomonidan jinoyat qonunchiligining 379A (tortib olish orqali o‘g‘irlik), 419 (o‘zini boshqa kishi deb tanishtirish yo‘li bilan aldash) va boshqa moddalari bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Elchixona tomonidan Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va boshqa rasmiy idoralar bilan mazkur holat yuzasidan rasmiy muloqotlar o‘tkazildi, vaziyat nazoratga olindi. Diplomatik missiya vatandoshlarimizni Hindistonga turli maqsadlar, jumladan, tibbiy muolaja olish niyatida kelish paytida turli shubhali guruh yoki shaxslarning gaplariga ishonib qolmaslik, ayniqsa, moliyaviy masalalar bilan bog‘liq vaziyatlarda shaxsiy xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish, yirik miqdordagi naqd pul ishlatmaslik, balki bank kartalaridan yoki pul o‘tkazish amaliyotidan keng foydalanishga chaqiradi. Elchixona bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda zarur konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilishi uchun zudlik bilan quyidagi vositalar orqali murojaat qilishni tavsiya qiladi: Telefon: +91 11 2467 0774/75, Telegram-bot: @consuluzbindia_bot”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi