Hindistondagi festivalda 46 kishi cho‘kib ketdi
Olam
−
26 Sentabr
6183Sharqiy Hindistonning Bihar shtatida bolalar farovonligi uchun o‘tkazilgan uch kunlik festival davomida kamida 46 kishi daryoga cho‘kib ketib, halok bo‘ldi. Vafot etganlarning 37 nafari bolalar va 7 nafari ayollar. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, har yili o‘tkaziladigan “Jivitputrika Vrat” festivali, asosan shimoliy Hindiston va Nepalning ayrim qismlarida nishonlanadi. Festival mobaynida ayollar 24 soat ro‘za tutib, bolalarining uzoq umr ko‘rishi va sog‘lig‘i uchun maxsus duolar o‘qiydi. Ro‘za tutish paytida onalar, ba’zan bolalari bilan mahalliy daryolar va hovuzlarga cho‘milish uchun boradi. Festival davomida shimoliy Hindiston bo‘ylab mahalliy idoralar odatda politsiya xodimlarini joylashtiradi. Biroq, joriy yilgi bayramda Bihar shtatida qanday xavfsizlik choralari ko‘rilgani noma’lum.
Qayd etilishicha, Hindistonda diniy festivallar mobaynida halok bo‘lish holatlari ko‘p uchraydi, lekin odamlarning ommaviy cho‘kish holati bundan mustasno. Mahalliy politsiya xodimiga ko‘ra, o‘limlar shtat bo‘ylab 15 ta tumandagi turli daryolar va hovuzlarda qayd etilgan. Xususan, Aurangabad tumanidagi ikki qishloqda sakkiz nafar voyaga yetmagan bola cho‘kib ketgan. Mahalliy aholi oxirgi kunlarda doimiy yog‘ingarchilik tufayli daryolar va hovuzlardagi suv darajasi oshganini ma’lum qilgan. Lekin festival ishtirokchilari bunga e’tibor bermagan va bolalarning ommaviy cho‘kishiga asosiy sabab shu ekani aytilmoqda.
Bihar shtati rasmiylari har bir jabrlangan oilaga kompensatsiya to‘lanishini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning turli mintaqalaridagi binolar, yo‘llar va ko‘priklarning vayron bo‘lishi, shuningdek, katta suv toshqini, ko‘chkilar va vayronagarchiliklar olib kelgan kuchli yomg‘ir 30 kishining umriga zomin bo‘lgan edi.
LiveBarchasi