Hindistondagi diniy marosimda halok bo‘lganlar 120 kishidan oshdi

Olam

image

Hindistondagi diniy yig‘indagi tiqilinchda halok bo‘lganlar soni 120 dan ortdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, marosimda o‘n minglab odamlar voiz Bhole Babani tinglash uchun to‘plangan. Politsiya hisobotiga ko‘ra, ruxsat etilgan sig‘im 80 mingga yaqin bo‘lgan bo‘lsa ham, yig‘inda 250 mingga yaqin odam qatnashgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, olomon ketayotgan voizning orqasidan yugurib, unga teginishga uringan. Ularning ko‘pi loyga botib, yerga yiqilib tushgan, oqibatda oyoqlar ostida qolib ketgan.

“Men ayollarning dahshatli qichqirig‘ini eshitdim, chiqish joyi yaqinidagi yerda jasadlar yotardi. Qo‘rqib ketdim, qochdim va qizimga telefon qila boshladim”, deydi jarayonda qatnashib, qizidan ayrilgan guvoh.

Shifokorlarning bildirilishicha, o‘limlarning aksariyatiga bo‘g‘ilish sabab bo‘lgan. Qurbonlar orasida 112 ayol va yetti bola bor. Hatras okrugi bosh inspektori Shalab Matur uchrashuv yopiq chodirda o‘tkazilganini ma’lum qilgan.

“Hammasi yopiq binoda sodir bo‘ldi va, aftidan, odamlarga havo yetmay qoldi. Ular imkon qadar tezroq chiqib ketishga harakat qildi, bu esa tiqilinchga sabab bo‘ldi”, deydi u.

Ma’lumot uchun, ushbu holat Hindistondagi diniy yig‘inda yuz bergan birinchi tiqilinch emas, jumladan, 2005 yilda Vay shahridagi Mandxardevi ibodatxonasida 265 dan ortiq odam halok bo‘lgandi, 2008 yilda esa kamida 250 kishi Rajastandagi Chamundagar ibodatxonasida tiqilinch qurboni bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston diniy marosim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing