Hindistonda kuchli yomg‘ir ortidan 25 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
20 iyul 1531 1 daqiqa
Hindistonning shimoliy va shimoli-sharqiy hududlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari va ko‘chkilar sabab kamida 25 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston nazoratidagi Kashmirning Punch, Rajuri va Doda tumanlarida sodir bo‘lgan alohida hodisalarda 15 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Yana bir necha kishi bedarak yo‘qolgan. Nagalend shtatida ko‘chkilar oqibatida to‘rt kishining jasadi topilgan. Assam shtatida esa suv toshqinlari bir kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Kuchli yog‘ingarchilik oqibatida shtatning yetti tumanida 57 mingdan ortiq aholi zarar ko‘rgan.
Hindiston meteorologiya xizmati mamlakatning shimoli-g‘arbiy, sharqiy va shimoli-sharqiy hududlarida yaqin 6–7 kun davomida faol musson yog‘inlari saqlanib qolishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Qo‘shni Nepalda ham musson mavsumi oqibatida vaziyat og‘irlashgan. Iyun o‘rtalaridan buyon suv toshqinlari, ko‘chkilar va chaqmoq urishi oqibatida 27 kishi halok bo‘lgan, bir kishi bedarak yo‘qolgan, yana 69 kishi jarohat olgan.
Ko‘chkilar sabab mamlakatning bir qancha avtomobil yo‘llari, jumladan, Katmanduni janubiy hududlar bilan bog‘lovchi magistrallar vaqtincha yopilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada kuzatilgan kuchli momaqaldiroq va bo‘ronlar oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi