Hindistonda ikki poyezd to‘qnashib ketdi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Hindiston janubida ikki poyezdning to‘qnashuvi oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘ldi, yana 50 kishi turli darajada jarohat oldi. Bu haqda bugun, 30 oktyabr kuni “The Times of India” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Andxra-Pradesh shtatidagi Vizag shahridan Rayagadu shahriga ketayotgan poyezd havo kabelining uzilishi tufayli to‘xtab qolgan. Shundan so‘ng, unga tezyurar poyezd urilib ketgan. Zarba oqibatida uchta vagon relsdan chiqib ketgan. 

Hozirda baxtsiz hodisa sabablariga oydinlik kiritilmoqda.

Temir yo‘l tarmog‘idagi manbalar falokat “inson xatosi oqibati” ekanini aytmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, haydovchi svetoforning yashil chirog‘ini o‘z vaqtida ko‘rmagan va poyezdni harakatga keltirmagan, shundan so‘ng uning ortidan kelayotgan boshqa tezyurar poyezd unga kelib urilgan. Ammo texnik nosozlikni ham istisno qilib bo‘lmaydi.

Rasmiylar qurbonlarning oilalariga tovon puli to‘lashni e’lon qilgan. Hodisadan so‘ng Hindiston janubida poyezdlar harakati to‘xtatildi – 18 ta reys bekor qilingan, 20 dan ortig‘i qoldirilgan.

Ma’lumot uchun, Hindiston dunyodagi eng uzun temir yo‘l tarmog‘i bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi. Poyezdlar va infratuzilmani yangilashga qaratilgan sa’y-harakatlarga qaramay, bu kabi hodisalar mamlakatda tez-tez uchraydi. Ular inson omili yoki texnik nosozlik tufayli yuzaga keladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyi boshida Hindiston sharqidagi Odisha shtatida uchta poyezd to‘qnashib, 280 kishi halok bo‘lgan, 1000 dan ortiq kishi jarohat olgan edi. O‘shanda Hindiston temir yo‘llari vazirligi falokatga poyezdlar oralig‘ini tartibga soluvchi elektron blokirovka tizimidagi nosozlik sabab bo‘lganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston ikki poezd

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing