Hindistonda ibodatxona qulashi oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
14 avgust 2023
3407Hindiston shimolidagi Himachal-Pradesh shtatida yuz bergan kuchli yomg‘irlar tufayli qadimiy hind ibodatxonasi quladi, hodisa oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, mashhur sayyohlik shaharchasida joylashgan ibodatxona yomg‘ir oqibatida qulab tushgan va o‘nlab kishilar ko‘chki ostida qolgan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda hodisa joyida qutqaruv ishlari davom etayotgani aytilmoqda.
Himachal-Pradesh shtatida bir necha kundan beri kuchli yomg‘ir yog‘ishi suv toshqinlari va ko‘chkilarni keltirib chiqargan. Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi 24 soat ichida yomg‘ir bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar tufayli 21 kishi vafot etgan.
Hodisa sodir bo‘lgan hududda bo‘lib turgan shtat bosh vaziri Suxvinder Singxning jurnalistlarga bergan intervyusiga ko‘ra, yana 20-25 kishi ko‘chki ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin.
Oxirgi bir necha kun ichida ijtimoiy tarmoqlarda transport vositalari va binolar vayronalarining suv toshqini paytidagi oqib ketayotgani, daraxtlarning avtomobillar ustiga qulagani va yo‘llarning yopilishi tufayli sayyohlar ko‘chada qolib ketgani aks etgan videolar tarqalgan.
Ma’lumot o‘rnida, yil davomida Himachal-Pradeshning salqin ob-havosi va go‘zal manzarasidan bahramand bo‘lish uchun minglab sayyohlar tashrif buyurishadi.
Durdona Shirinova
LiveBarchasi