Hindistonda fohishalikka majburlangan qiz O‘zbekistonga qaytarildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston elchixonasi Hindistonga aldov yo‘li bilan olib kelingan va odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qolgan O‘zbekiston fuqarosining mamlakatga qaytishiga amaliy yordam ko‘rsatdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, diplomatik missiya konsullik bo‘limiga Hindiston huquq-tartibot idoralaridan Dehlidagi Indira Gandi xalqaro aeroportida ruhiy tushkunlik holatidagi Z.T. ismli O‘zbekiston fuqarosi aniqlangani haqida ma’lumot kelib tushgan.

Shundan so‘ng zudlik bilan O‘zbekiston fuqarosi bilan aloqa o‘rnatilib, u elchixonaga olib kelingan. Surishtiruv jarayonida Z.T.ga S. va K. ismli kimsalar tomonidan Dehli shahridagi oshxonalardan birida ofitsiant bo‘lib ishlash taklifi bildirilgani aniqlangan. Biroq Hindistonga kelib, mehmonxonaga joylashgach, Z.T. aldov tuzog‘iga tushib qolganini bilib qolgan hamda uni O‘zbekistonga qaytarib yuborishlarini talab qilgan.

Biroq S. va K. Z.T.dan uning uchun sarflangan yo‘l xarajatlarini qoplab berishini talab qilgan hamda jinsiy xizmat ko‘rsatishga majburlashga harakat qilgan. Z.T. o‘zi ushlab turilgan maskandan qochish va mahalliy politsiya vakillariga murojaat qilishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqaroga tezkor konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilgan hamda homiy tashkilotlar ko‘magida “Dehli-Toshkent” yo‘nalishidagi aviareysga chipta sotib olingan.

Bildirilishicha, Hindistonning tegishli muassasalari bilan O‘zbekiston fuqarosini yolg‘on va’dalar bilan Dehliga olib kelib, ekspluatatsiya qilishga urinishda gumon qilinayotgan kimsalarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaga aldov yo‘li bilan chaqirilgan va murakkab vaziyatga tushib qolgan voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi ortga qaytarilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

fohishalik O'zbekiston Hindiston Dehli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing