Hindistonda chaqmoq urishi oqibatida ikki soat ichida 12 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
05 Sentabr 2023
3507Bugun, 5 sentyabr kuni Hindistonning sharqiy qismidagi Odisha shtatida ikki soat ichida momaqaldiroq paytida 61 mingdan ortiq chaqmoq urildi. Bu haqda Hindistonning WION nashri xabar berdi.
Odisha tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi kamida 36 597 ta bulutdan-bulutga chaqmoq urishi va 25 753 ta bulutdan-yerga chaqmoq urishi qayd etgan. Yashin urishi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan, 14 kishi esa jarohatlangan. Shtat hukumati qurbon bo‘lganlar oilalarining har biri uchun 400 ming rupiy (4,8 ming dollar) miqdorida tovon puli to‘lanishini e’lon qildi.
Kuchli yashinga Bengal ko‘rfazi ustidagi faol siklon sabab bo‘lgan. Hindistonning sharqiy qismida musson mavsumida chaqmoq urishi juda tez-tez uchrasada, bir kun ichida bunday ko‘p zarbalar misli ko‘rilmagan hodisadir.
Shuningdek, Hindiston meteorologiya departamenti aholini Bengal ko‘rfazidagi siklonlar tufayli mintaqada ekstremal ob-havo 7 sentyabrgacha davom etishi haqida ogohlantirdi.
Shu bilan birga, tadqiqotchilar dengiz sathining yuqorilashi tufayli ushbu asrning oxiriga kelib halokatli chaqmoqlarning ko‘payishini bashorat qilmoqda. Bundan tashqari, iqlimning isishi ham ekstremal ob-havoga olib keladi.
Ma’lumot uchun, Kaliforniya universiteti tomonidan 2015 yilda olib borilgan tadqiqotga ko‘ra, haroratning har 1 gradusga ko‘tarilishi chaqmoq urishi chastotasini 12 foizga oshishiga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Myanmada siklon oqibatida 145 nafardan oshiq kishi halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi