Hindistonda aniqlangan kasallik Misrga yetib bordi
Olam
−
31 may 2021
6333Misrda dastlab Hindistonda aniqlangan “qora mog‘or” — mukormikoz kasalligining yettita holati qayd etildi. Bu haqda mamlakat shimolida joylashgan Zakazik universiteti rektori Usmon Shaalyan ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, hozirda mukormikoz aniqlangan bemorlar universitet shifoxonasida davolanmoqda.
Shaalyanning so‘zlariga ko‘ra, yuqumli kasallik Sharqiya viloyati aholisida aniqlangan, ularning immuniteti o‘tgan kasalliklar va koronavirus infeksiyalari fonida zaiflashgan.
“Uch nafar bemorda mog‘or bilan zararlangan organlarni olib tashlash bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Ulardan birining ahvoli og‘ir, qolganlariniki barqaror”, degan rektor.
Mukormikozni keltirib chiqaradigan sporalar tuproq, chang va organik chirish mahsulotlarida uchraydi. Zamburug‘ ko‘p hollarda inson organizmiga o‘pkani sun’iy shamollatish qurilmalari orqali tushadi.
Shifokorlarning fikriga ko‘ra, mukormikoz boshqa zamburug‘lar kabi uzoq vaqt davomida intensiv terapiya bo‘limlarida bo‘lgan, gormonal dorilar bilan davolangan va kislorod ta’minotiga ulangan koronavirus bemorlarida aniqlanmoqda.
Shuningdek, kasallik, katta dozada steroid qabul qiladigan diabetiklarda uchramoqda. Zamburug‘ infeksiyasi odamning ko‘zlariga, o‘pkasiga va burun-halqumiga ta’sir qiladi hamda koronavirus fonida bu o‘limga olib kelishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Hindistonda “oq mog‘or”, “qora mog‘or” va “sariq mog‘or” tarqalishi qayd etilgan.
Avvalroq, Hindistondagi shifoxonada “sariq mog‘or” kasalligi aniqlangan ilk bemor vafot etgani haqida xabar bergandik.
LiveBarchasi