Hindiston va Yaponiya xavfsizlik borasidagi hamkorlikni kuchaytirmoqda
Olam
−
21 avgust
1340Nyu-Dehli hamda Tokio mudofaa va xavfsizlik, koinot, kiberkosmos kabi sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash niyatida. Bu haqda ikki davlat Mudofaa va Tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi “ikki plyus ikki” muloqot formatidagi Hindiston-Yaponiya uchrashuvi yakunlari bo‘yicha ma’lum qilindi. Bu haqda Hindiston TIV xabar berdi.
“Vazirlar koinot va kibermakon sohasida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligi haqida kelishib oldi. Ular Hind-Tinch okeani mintaqasida mudofaa sohasida ko‘p tomonlama hamkorlik va almashinuvlar muhimligini yana bir bor tasdiqladi. Vazirlar ikki va ko‘p tomonlama, jumladan “Dharma Guardian”, JIMEX va “Malabar” kabi mashqlarni davom ettirish majburiyatini bildirdilar”, deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar, ASEAN’ning mintaqadagi birligi va markaziyligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. Hind-Tinch okeani mintaqasida ochiqlik, shaffoflik, inklyuzivlik, qoidalarga asoslangan tamoyillar va xalqaro huquqqa hurmatni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi.
“Vazirlar Hindiston va Yaponiya o‘rtasida 2008 yilda qabul qilingan xavfsizlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani ko‘rib chiqish va yangilash niyatida”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, uchrashuv Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan. Unda Hindiston tomonidan Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jayshankar va Mudofaa vaziri Rajnat Singh, Yaponiyadan Tashqi ishlar vaziri Yoko Kamikava va Mudofaa vaziri Minoru Kixara ishtirok etgan.