Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston bo‘yicha kelishuvga erishdi 

Olam

image

“Hindiston – Markaziy Osiyo” onlayn sammiti davomida ishtirokchilar Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha qo‘shma guruh tuzishga kelishib oldi. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Rinat Sandxu ma’lum qildi.  

Diplomatning aytishicha, muzokara ishtirokchilari Afg‘oniston bo‘yicha yaqin maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib olgan. Unga ko‘ra, sammit yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda yuqori martabali amaldorlar darajasida ishchi guruh tuzilishi ta’kidlangan. 

Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish niyatida, deyiladi “Hindiston – Markaziy Osiyo” onlayn sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma Dehli deklaratsiyasida. 

“Rahbarlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat va uning mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikka ta’sirini muhokama qildi. Ular Afg‘onistonning tinch, xavfsiz va barqaror bo‘lishini qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqladi, shu bilan birga, suverenitet, birlik va hududiy yaxlitligini hurmat qilish hamda uning ichki ishlariga aralashmaslikni ta’kidladi. Shuningdek, ular davom etayotgan gumanitar vaziyatni muhokama qildi va Afg‘oniston xalqiga favqulodda gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirishga qaror qildi”, deyiladi deklaratsiyada. 

Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining 2593-sonli rezolyutsiyasi muhimligini yana bir bor tasdiqlagan, bu rezolyutsiya Afg‘oniston hududidan boshpana, tayyorgarlik, terrorchilik harakatlarini rejalashtirish yoki moliyalashtirish uchun foydalanilmasligini so‘zsiz talab qiladi hamda barcha terroristik guruhlarga qarshi birgalikda harakat qilishga chaqiradi. 

Ma’lumot o‘rnida, kecha, 27 yanvar kuni Nyu-Dehli tashabbusi bilan onlayn formatda Hindiston-Markaziy Osiyo sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Markaziy Osiyo

Baholaganlar

100

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing