Hindiston Trampning tahdidiga javob qaytardi
Olam
−
05 avgust 26535 2 daqiqa
Hindiston hukumati AQSH va Yevropa Ittifoqining Rossiyadan neft importi bo‘yicha tanqidlarini “asossiz va mantiqsiz” deb atadi. Bu haqda kecha, 4 avgust kuni Hindiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari Nyu-Dehlida bergan bayonotida aytib o‘tdi.
“Har qanday yirik iqtisodiyot kabi Hindiston o‘z milliy manfaatlari va iqtisodiy xavfsizligini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi”, degan vazirlik vakillari.
Ularning ta’kidlashicha, Hindiston Rossiyadan neft importini faqat Rossiya-Ukraina urushi boshlangach, an’anaviy yetkazib beruvchilari Yevropaga yo‘naltirilganidan so‘ng boshlagan. Bayonotda qayd etilishicha, o‘sha paytda AQSH Hindistonni bu importni davom ettirishga undagan – bu global energetika bozoridagi barqarorlikni saqlab qolish uchun zarur deb baholangan.
Shuningdek, TIV Rossiyadan neft importi Hindiston iste’molchilari uchun barqaror va arzon narxlarni ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotganini urg‘ulagan. Tashqi ishlar vazirligi Yevropa davlatlari va AQSH o‘zlari hamon Rossiya bilan savdo aloqalarini davom ettirayotgan bir paytda Hindistonni tanqid qilayotganini “ikkiyuzlamachilik” sifatida baholagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Yevropa Ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi savdo hajmi 67,5 milliard yevroga yetgan, bu 2023 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan to‘rt barobar ko‘p. Yevropa Ittifoqi 2024 yilda Rossiyadan rekord darajadagi – 16,5 million tonna suyultirilgan gaz import qilgan. Bu esa 2022 yildagi avvalgi rekord – 15,21 mln tonnadan ham oshiqdir.
Yevropa, shuningdek, Rossiyadan o‘g‘itlar, kon sanoati mahsulotlari, kimyoviy moddalar, temir va po‘lat, mashina hamda transport uskunalari sotib olishda davom etmoqda. AQSH esa Rossiyadan uran geksaftoridi, elektromobil ishlab chiqarish uchun palladiy, o‘g‘itlar va kimyoviy mahsulotlar import qilmoqda.
Trampning Hindistonga tahdidi
AQSH Prezidenti Donald Tramp Hindistonning Rossiyadan neft sotib olayotganini tanqid qilib, unga nisbatan “keskin” boj stavkalarini joriy qilishini ma’lum qildi.
AQSH Hindiston mahsulotlariga 25 foizlik boj joriy etishi aytildi. Bu choralar AQSH–Hindiston savdo balansidagi nomutanosiblik va Hindistonning Rossiya bilan hamkorligiga javoban qabul qilindi.
Dastlab, Hindistondagi to‘rtta davlat neftni qayta ishlash zavodi Rossiyadan neft xaridini to‘xtatgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq turli manbalar Hindistonning Rossiyadan neft importini tahdidlarga qaramay davom ettirishini ma’lum qildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr