Hindiston talabalariga O‘zbekistondagi tibbiyot oliygohida o‘qishni taqiqladi
Olam
−
23 iyul 2025 17504 2 daqiqa
Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi (NMC) tibbiyot sohasida o‘qishni istagan abituriyentlarga Markaziy Amerikadagi uchta va O‘zbekistonning bitta tibbiyot oliygohiga o‘qishga kirmaslik bo‘yicha qat’iy ogohlantirish berdi. Bu haqda “The New Indian Express” xabar berdi.
Bayonotda aytilishicha, ushbu ogohlantirishga amal qilmagan talabalar Hindistonda tibbiyot amaliyotini olib borolmaydi.
Ogohlantirishda tilga olingan tibbiyot muassasalari quyidagilar:
- Central American Health and Sciences University, Beliz
- Columbus Central University, Beliz
- Washington University of Health and Sciences, Beliz
- Toshkent davlat tibbiyot universitetining Chirchiq filiali, O‘zbekiston
Bu ogohlantirish Hindistonning Meksikadagi elchixonasi hamda Tashqi ishlar vazirligining Yevrosiyo bo‘limi tomonidan bildirilgan jiddiy xavotirlar ortidan berilgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, bu muassasalar Hindistonning tibbiy ta’lim bo‘yicha belgilangan standartlariga javob bermaydi.
“Chet eldagi har qanday tibbiyot universitetiga o‘qishga kirishdan avval abituriyentlar va ularning ota-onalari ogohlantirishni sinchkovlik bilan o‘qib chiqishlari lozim” deyiladi bayonotda.
Bu hujjatda tan olingan oliygohlar, ro‘yxatdan o‘tish shartlari va boshqa muhim mezonlar haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Qayd etilishicha, o‘qish taqiqlangan universitetlarda zarur infratuzilma mavjud emas, ta’lim sifati past, klinik-amaliyot yetarli darajada tashkil etilmagan, ayrim hollarda hindistonlik talabalar tazyiqqa uchragan, shuningdek, ortiqcha to‘lov undirish va kursdan chiqishda to‘lovni qaytarmaslik holatlari aniqlangan.
Shu bois, NMC talabalarni bu muassasalarga o‘qishga kirishdan qat’iyan tiyilishga chaqirgan.
Live
Barchasi