Hindiston-Pokiston chegarasida ketma-ket beshinchi kechada otishma bo‘ldi
Olam
−
29 aprel 4243 2 daqiqa
Bugun, 29 aprelga o‘tar kechasi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi nazorat chizig‘idagi Jammu va Kashmirdagi chegara hududida otishma bo‘ldi. Bu haqda Hindiston armiyasi bayonot berdi.
“28 apreldan 29 aprelga o‘tar kechasi Pokiston armiyasi Kupvara va Baramulla tumanlari qarshisidagi Nazorat chizig‘i bo‘ylab asossiz o‘q uzdi”, deyiladi bayonotda.
Hindiston tomoni armiya tez va samarali javob berganini bildirdi. Qurbonlar haqida esa ma’lumot yo‘q.
Bu Jammu va Kashmirda 26 kishining hayotiga zomin bo‘lgan terakt hujumi ortidan Nyu-Dehli va Islomobod o‘rtasidagi taranglik fonida Hindiston-Pokiston chegarasida sulh ketma-ket beshinchi kechada buzilishi bo‘ldi.
Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi
Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Kashmir mintaqasining Hindiston hududidagi Paxalgam shahri yaqinidagi so‘qmoq bo‘ylab harakatlanayotgan sayyohlarga terrorchilar hujum qilgan edi. Oqibatda 26 nafar hindistonlik va 1 nafar Nepal fuqarosi halok bo‘ldi.
Shundan so‘ng Hindiston Pokistonga nisbatan qator choralar ko‘rilishini e’lon qildi. Xususan, quruqlikdagi yagona ochiq chegara punkti Attari yopilishini va Hind daryosining suvi to‘silishi bildirildi.
Bunga javoban Pokiston Hindiston uchun havo hududini yopib, Hind daryosi suvining to‘silishi urush e’lon qilish sifatida baholashini ma’lum qildi. Bu orada ikki davlat fuqarolarini SAARC vizasidan ozod qilish tizimi to‘xtatildi va ularga tez fursatda mamlakatlarni tark etish buyurildi.
25 aprelga o‘tar kechasi esa Hindiston va Pokiston harbiylari Jammu va Kashmirda joylashgan nazorat chizig‘i bo‘ylab bir-biriga qarata o‘t ochdi. Hozircha har ikki tomon yo‘qotishlar haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Halok bo‘lganlar yoki yaralanganlar bor-yo‘qligi noma’lum. Shunga qaramay, Nyu-Dehli va Islomobod bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda ayblamoqda.
Mahalliy nashrlar esa Pokiston Hindistonning Hind daryosi oqimini to‘xtatishi yoki yo‘nalishini o‘zgartirishga urinishlarini urush harakati sifatida baholashi haqida rasman ogohlantirganiga qaramay mazkur daryo oqimi to‘liq to‘sib qo‘yganini xabar qilmoqda. Bu 1960 yilda imzolangan Hind daryosi suv resurslari bo‘yicha bitimdan buyon birinchi marta kuzatilmoqda. Mazkur shartnoma siyosiy kelishmovchiliklarga qaramasdan, tomonlarni suv resurslarini birgalikda bo‘lishishga majbur qilardi.
Live
Barchasi