Hindiston kompaniyasi ilk xususiy orbital raketani uchurdi (video)
Texnologiya
−
18 iyul 901 2 daqiqa
Bugun, 18 iyul kuni Hindistonning Skyroot Aerospace xususiy aerokosmik kompaniyasi mamlakatda to‘liq xususiy sektor tomonidan ishlab chiqilgan birinchi orbital raketa – Vikram-1’ni muvaffaqiyatli uchirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vikram-1 raketaci Shrixarikotadagi Satish Dhavan kosmik markazidan uchirilgan va taxminan 15 daqiqadan so‘ng o‘z yuklarini Yerdan 450 kilometr balandlikdagi orbitaga muvaffaqiyatli joylashtirgan. Shu tariqa Hindiston xususiy kompaniya orqali orbital raketa uchirish imkoniyatiga ega bo‘lgan dunyodagi uchinchi davlatga aylandi.
Parvoz dastlab belgilangan vaqtda qisqa muddatga to‘xtatilgan, keyin esa qayta rejalashtirilib amalga oshirilgan. Ma’lum qiliniicha, “Mission Aagaman” deb nomlangan ushbu parvoz raketa dvigateli, avionika, telemetriya, boshqaruv, navigatsiya va nazorat tizimlarini haqiqiy parvoz sharoitida sinovdan o‘tkazish hamda kelgusidagi tijorat uchirishlari uchun ma’lumot to‘plash maqsadida tashkil etilgan.
“Ushbu missiya katta muvaffaqiyat bilan yakunlandi. Bu sinov parvozi. Doimiy tijorat parvozlariga o‘tishdan avval yana bir nechta shunday sinovlarni o‘tkazamiz”, deyiladi kompaniya bayonotida.
Ma’lumot uchun, 2018 yilda tashkil etilgan Skyroot Aerospace Hindiston kosmik sohasi xususiy investorlar uchun ochilganidan keyin tez rivojlangan startaplardan biri hisoblanadi. Kompaniya joriy yil boshida mamlakatning 1 milliard dollarlik bahoga erishgan birinchi kosmik kompaniyasiga aylangan.
Qayd etish joiz, Vikram-1 kichik sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bozorida raqobat kuchayib borayotgan bir paytda sinovdan o‘tkazilgan. Bu bozorda startaplar Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi kabi yirik ishtirokchilar bilan raqobatlashishga intilmoqda. Balandligi taxminan 22 metr bo‘lgan Vikram-1 past Yer orbitasiga 350 kilogrammgacha yuk olib chiqishga mo‘ljallangan. Raketa uchta qattiq yoqilg‘ili bosqich va 3D-printerda tayyorlangan dvigatelga ega suyuq yoqilg‘ili orbital tuzatish modulidan foydalanadi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, bu texnologiyalar Hindistonda birinchi marta qo‘llanilmoqda.
Raketa Hindiston va xorijdagi tashkilotlarga tegishli bir nechta tajriba hamda tijorat yuklarini, jumladan, texnologiya namoyish etuvchi sun’iy yo‘ldoshlar va orbitadagi ilmiy eksperimentlarni olib chiqqan. Ushbu parvoz 2022 yilda amalga oshirilgan Vikram-S suborbital missiyasining davomi hisoblanadi. O‘shanda Skyroot Hindiston hududidan xususiy kompaniya tomonidan uchirilgan ilk raketaga mualliflik qilgan edi.
Hindiston 2020 yilda kosmik sohani xususiy investitsiyalar uchun ochib, startaplarga raketa, sun’iy yo‘ldosh va uchirish xizmatlarini mustaqil ishlab chiqish imkonini bergan. Hukumat mamlakatning jahon kosmik iqtisodiyotidagi ulushini hozirgi taxminan 8 milliard dollardan 2033 yilgacha 44 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy dengiz platformasiga o‘rnatilgan maxsus to‘r orqali raketa tezlatkichini qaytarib olish bo‘yicha tajribaviy tizimni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgandi. Bu yangilik ortidan Xitoy aerokosmik kompaniyalari aksiyalari keskin qimmatlagandi.
Live
Barchasi