Hindiston ikkita yadroviy suvosti kemasi qurmoqchi
Olam
−
10 Oktabr
1706Kecha, 9 oktyabr kuni Hindiston ikkita yangi toifadagi yadroviy quvvatli hujum suvosti kemasini qurish rejasini ma’qulladi. Loyiha taxminan 450 milliard rupiy (5,4 milliard dollar)ga tushishi kutilmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Hindiston Xitoyning Hind okeani mintaqasidagi kuchayib borayotgan ta’siriga qarshi o‘z harbiy kuchlarini modernizatsiya qilish uchun shoshilmoqda. Bu jarayonda mamlakat dengiz floti qudratini oshirish va mahalliy qurol-yarog‘ ishlab chiqarish salohiyatini yaxshilashga e’tibor qaratmoqda.
“Bosh vazir Narendra Modi hukumati Hindiston dengiz flotining oltita yangi sinfdagi suvosti kemalaridan birinchisini ishlab chiqarishiga ruxsat berdi, lekin yetkazib berish sanalarini ko‘rsatishdan tiyildi”, deydi nashr manbasi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy 370 dan ortiq kemaga ega dunyodagi eng katta dengiz floti hisoblanadi. 2020 yilda Himolayda ikki davlat o‘rtasidagi chegara hududida ro‘y bergan to‘qnashuvlarda 24 nafar harbiy halok bo‘lgandan so‘ng, Hindiston uchun Xitoy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rilmoqda.
Qayd etilishicha, yadroviy quvvatli hujum suvosti kemalari tezroq harakatlanadi, shovqini kamroq va an’anaviy dizel dvigatelli kemalarga qaraganda uzoqroq suv ostida qolishi mumkin. Bu ularni aniqlashni qiyinlashtiradi va dunyodagi eng qudratli dengiz qurollaridan biriga aylantiradi. Hozirda bunday kemalarni Xitoy, Fransiya, Rossiya va AQSH kabi bir nechta davlatlar ishlab chiqarmoqda.
Hindiston Rossiyadan ikkita yadroviy quvvatli hujum suvosti kemasini ijaraga olgan, ammo ularni qaytarib bergan. Hozirda yana bir kemani ijaraga olish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Nashrga ko‘ra, yangi suvosti kemalari Hindistonning janubiy porti Vizakdagi hukumatning kema qurish markazida ishlab chiqiladi. Katta qurilish kompaniyalari Larsen and Toubro ham loyihaga qo‘shilishi kutilmoqda. Bu suvosti kemalari Hindiston hozirda qurayotgan yadro qurollarini uchirishga qodir bo‘lgan “Arihant” sinfidan farqli bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq China State Shipbuilding Corp tomonidan Vuachang kemasozlik zavodida qurilgan eng yangi atom suvosti kemasi cho‘kib ketgani ma’lum bo‘lgan edi.
LiveBarchasi