Hindiston Bayden rad etgan bayramga Makronni taklif qildi
Olam
−
22 dekabr 2023
5326Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 2024 yil 26 yanvarda Hindistonning Respublika kunini nishonlash marosimiga asosiy mehmon sifatida taklif qilindi va u Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tadigan harbiy paradda ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda hukumatdagi manbalarga tayanib, “Press Trust of India” axborot agentligi xabar berdi.
“Fransiya Prezidenti Makron Respublika kunining bosh mehmoni sifatida taklif qilindi”, deya xabar beradi agentlik manbasi.
Hindiston sentyabr oyida AQSH Prezidenti Jo Baydenni ham ushbu milliy bayramga mehmon sifatida taklif qilgan, biroq 12 dekabr kuni Oq uy rahbari yanvar oyidagi Nyu-Dehliga tashrifini bekor qilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Bayden 2024 yil 27 yanvarga belgilangan To‘rt tomonlama xavfsizlik dialogi (QUAD) sammitida ishtirok etishi kutilgan edi. Ammo sammit keyinroqqa ko‘chirilgan, bu esa, hind manbalariga ko‘ra, Amerika Prezidentining tashrifi bekor qilinishiga sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Hindiston 1947 yilda mustaqillikka erishgan. 1950 yil 26 yanvarda esa davlat Konstitutsiyasi kuchga kirgan va unda mamlakat respublika deb e’lon qilingan. O‘shandan beri har yili Respublika kuni nishonlanadi va Nyu-Dehlida harbiy parad o‘tkaziladi.
An’anaga ko‘ra, Hindiston tadbirga chet ellik hurmatli mehmonlarni taklif qiladi. 2023 yilda faxriy mehmon Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bo‘lgan. Bu nufuzli xorijiy mehmonning Nyu-Dehlidagi paradda so‘nggi uch yil ichida ilk bor chaqirilishi edi. Ushbu maqomda paradda 2019 yilda Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa va 2020 yilda Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaro qatnashgan. Shundan so‘ng, koronavirus pandemiyasi sababli tadbirlar ikki yil davomida faxriy mehmonlarsiz o‘tkazildi.
LiveBarchasi