Hindiston AQSHdan qiruvchi samolyot sotib olish rejasidan voz kechdi – OAV
Olam
−
01 avgust 8419 2 daqiqa
Hindiston hukumati AQSHdan F-35 rusumidagi “ko‘rinmas” qiruvchi samolyotlarni sotib olish rejasidan voz kechganini Vashingtonga ma’lum qildi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi boshchiligidagi hukumat AQSHdan yangi harbiy texnika xarid qilishni rejalashtirmayapti, garchi bu Prezident Donald Trampning asosiy talablaridan biri bo‘lsa-da. Aksincha, Nyu-Dehli AQSH bilan birgalikdagi ishlab chiqarish va texnologik hamkorlikka tayanmoqchi.
Tramp fevral oyida Modining Oq uydagi tashrifi chog‘ida AQSH Hindistonga “ko‘plab milliard dollarlik” harbiy texnika yetkazib berishni ko‘zlayotgani va bu doirada F-35 qiruvchilarini eksport qilish mumkinligini aytgan edi, ammo Hindiston bu taklifdan ochiqchasiga voz kechmoqda.
Hindistonning bu qarori Trampning mamlakatga qarshi aytgan keskin bayonotlari ortidan kelmoqda. Prezident Hindistonga Rossiyadan qurol va energetik resurslar xarid qilayotgani uchun 25 foizlik bojlar joriy qilishini aytgan. Trampning ta’kidlashicha, AQSH va Hindiston o‘rtasidagi savdo munosabatlari ortiqcha tariflar va “eng murakkab savdo to‘siqlari” tufayli oxiri ko‘rinmas nuqtaga yetgan.
Nashr manbalariga ko‘ra, Hindiston rahbariyati Trampning bayonotidan “hayratda va hafsalasi pir bo‘lgan”. Hindiston Savdo vaziri Piyush Goyal yaqinda AQSH bilan savdo bitimi tuzilishiga ishonch bildirgan edi.
Ma’lumot uchun, F-35 qiruvchilari AQSHning Lockheed Martin kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va beshinchi avlodning ko‘p funksiyali, radarlarga ko‘rinmas qiruvchi-bombardimonchilari hisoblanadi. Ularning uchta varianti mavjud:
F-35A – AQSH havo kuchlari uchun mo‘ljallangan oddiy uchish-qo‘nishli model;
F-35B – qisqa uchish va vertikal qo‘nishga mo‘ljallangan model (AQSH dengiz piyodalari va Britaniya flotiga xizmat qiladi);
F-35C – AQSH dengiz floti uchun kemaga qo‘nish imkonini beruvchi model.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning davlatga qarashli neftni qayta ishlash zavodlari o‘tgan haftadan boshlab Rossiyadan neft xarid qilishni to‘xtatgani haqida xabar berilgandi. Ushbu uzoqlashuv, shubhasiz AQSHning Hindistonga qilgan sovuq munosabatlaridan keyin yuzaga kela boshladi.
Live
Barchasi