Hindiston AQSHdan Eron neftini sotib olishga ruxsat so‘radi – “Bloomberg” 

Olam

image

Hindiston AQSHdan Eron va Venesueladan neft xarid qilishga ruxsat berishni so‘radi va buning evaziga Rossiyadan importni keskin kamaytirishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Nashr manbasiga ko‘ra, AQSHga tashrif buyurgan Hindiston delegatsiyasi shu hafta amerikalik rasmiylar bilan uchrashuvlarda mazkur taklifni muhokama qilgan. Hindiston tomoni Rossiya, Eron va Venesueladan bir vaqtda neft importini to‘xtatish dunyo bozorida narxlarning keskin oshishiga olib kelishi mumkinligini bildirgan. Muzokaralar Vashingtonning Hindistonga Rossiya nefti savdosi tufayli joriy etgan keskin tariflari ortidan bo‘lib o‘tgan.

Tariflarga qaramay, mamlakat Rossiyadan neft xarid qilishni davom ettirmoqda, biroq avvalgidan kamroq hajmda. Hindiston Savdo vaziri Piyush Goyyal esa Nyu-Yorkda qilgan chiqishida AQSHdan neft va gaz importini oshirish istagini bildirgan.

“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston neftga bo‘lgan ehtiyojining qariyb 90 foizini import hisobidan qoplaydi. Rossiya neftining nisbatan arzonligi mamlakatning import xarajatlarini kamaytirishga yordam bermoqda. Masalan, joriy yilning iyulida Hindiston neftni Rossiyadan barreli o‘rtacha 68,90 dollar, Saudiya Arabistonidan 77,50 dollar, AQSHdan esa 74,20 dollar narxda sotib olgan. Hindiston hozircha Rossiyadan tankerlar orqali yetkazib beriladigan neftning eng yirik xaridori bo‘lib qolmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya neftini import qilishni to‘xtatmaguncha Hindiston bilan savdo bitimini imzolashdan bosh tortgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yaqinda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va AQSH Savdo vakili Jeymison Grir Trampga Hindiston bilan savdo bitimi loyihasini taqdim etgan. Unga ko‘ra, Hindiston Amerika mahsulotlariga qo‘yiladigan bojlarni keskin pasaytirishi kerak edi. Ammo Prezident Hindiston Rossiya neftidan voz kechmaguncha, bitimni ma’qullamasligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Eron Hindiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing