Hindiston 24-36 soat ichida Pokistonga hujum uyushtiradi – Islomobod

Olam

image

Pokiston hukumati Hindistonning 24-36 soat ichida harbiy hujum uyushtirishi haqida ishonchli ma’lumotga ega. Bu haqda mamlakat Axborot vaziri Attaulla Tarar ma’lum qildi.

“Pokistonda Hindiston tomonidan yaqin 24-36 soat ichida harbiy zarba berilishi rejalashtirilayotgani haqida aniq ma’lumot bor. Hindiston Pahalgamdagi voqeani yolg‘on bahona sifatida ishlatmoqchi”, deb yozdi Tarar.

Uning aytishicha, har qanday tajovuzga nisbatan Islomobod qat’iy javob qaytaradi va bu hududdagi og‘ir oqibatlar uchun to‘liq javobgarlik Nyu-Dehli zimmasiga tushadi.

Eslatib o‘tamiz, 22 aprel kuni Hindiston tarkibidagi Jammu va Kashmir ittifoqiy hududining tog‘li Anantnag tumanidagi Pahalgam shahrida qurollangan shaxslar sayyohlarga hujum qildi. Unda 26 kishi – 25 nafar Hindiston fuqarosi va 1 nafar Nepal fuqarosi halok bo‘ldi, yana o‘nlab odamlar yaralandi.

Mas’uliyatni Pokistonda joylashgan “Lashkar-i-Tayba”ning bo‘linmasi bo‘lgan “Qarshilik o‘qi” guruhi o‘z zimmasiga oldi. Shundan so‘ng, Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi ziddiyat kuchaydi, chegara hududlarida otishmalar boshlandi.

Pokiston Mudofaa vaziri Xavadja Muhammad Asif 28 aprel kuni Hindistonning harbiy bosqini muqarrar degan fikrni bildirdi. Unga ko‘ra, harbiylar hukumatni Hindiston tomonidan ehtimoliy hujum haqida ogohlantirgan.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Pahalgamdagi hujum uchun javobgarlarning barchasi jazolanadi, deb va’da berdi. Uning ta’kidlashicha, Hindiston qurolli kuchlari javob chorasi va vaqtini belgilashda to‘liq erkinlikka ega.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Pokiston hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing