Hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganman – Prezidentning qizi “Sevimli”dagi axloqsiz serialni tanqid qildi

Madaniyat-san’at

image
0:00
0:00
download

Avvalroq, “Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan seriallardan birida axloqsiz sahnalar efirga uzatilgani va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ekspertiza tayinlagandi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva ham “Sevimli” telekanali orqali efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialini tanqid qildi.

“Mamlakatimizda, shubhasiz, so‘z va ijod erkinligi mavjud.

Lekin bir tomoshabin sifatida “Sevimli” kanalida praym-taym vaqti namoyish etilayotgan, millionlab teletomoshabinlarning diqqatini tortgan “Sabriya” milliy serialiga nisbatan shaxsiy munosabatimni bildirishga haqliman, deb o‘ylayman. 

Badiiy saviya haqida gapirib ham o‘tirmayman, unaqa narsaning o‘zi yo‘q. Serial mualliflari orasida birorta ayol yo‘qligiga ham ishonchim komil. Chunki hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafrat ko‘rmaganman”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Uning ta’kidlashicha, syujetda giyohvand moddalarni iste’mol qilish bo‘yicha aniq va batafsil yo‘riqnoma ko‘rsatishdan maqsad nimaligi ham tushunarsiz. 

“Bu holatdan hech qanday xulosa chiqarilmagan. Hamkasb-ayollar o‘rtasidagi zahar-zaqqumga to‘la raqobat g‘oyasi-ku, umuman, ayollarni odam o‘rnida ko‘rmaydigan latifabozlardan ilhomlanib yozilgandek. Va nihoyat, eng yoqimsiz va  jirkanch epizodlar – ayollarga nisbatan zo‘ravonlik sahnalari hamda isnoddan qutulishning yagona “to‘g‘ri” yo‘li – o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq. Naqadar "dono" maslahat!

Ushbu serialda ayollar fikri tor, makkora, zaifa, hayotdagi hamma balolarga sababchi qilib ko‘rsatilgan”, deydi Mirziyoyeva.

So‘zida davom etarkan Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi bo‘lgan Mirziyoyeva badiiy kino jamiyatdagi qarashlarni shakllantiradigan vositalardan biri ekanini eslatib qo‘ygan.

“Umuman, kimki ommaga ta’sir o‘tkaza olsa, og‘zidan chiqqan har bir so‘z uchun mas’uldir.

Biz gender tengligi va ayollarga ehtirom masalasini aholi ongiga singdirish uchun zo‘r berib harakat qilayotgan bir paytda bunday seriallar gender tengligi rivojlanishiga shaksiz to‘sqinlik qiladi. Ularda hech qanday sog‘lom fikr yo‘q. Bu – O‘zbekistondagi turmush tarzi borasida ijodkorlarning buzuq fantaziyasi, xolos. 

Nima deb o‘ylaysiz, o‘zbekistonlik ayollarning obro‘iga jiddiy putur yetkazayotgan bunday sayoz “ijod namunalari” yaratishni bas qilishni talab etishga haqlimizmi? Qanday qilib o‘z joniga qasd qilishni ekranda ko‘rsatish mumkin, axir?

Men badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtai nazaridan xulosa berishga chaqiraman. Ayollarimiz bunday munosabatga loyiq emas! Bu ham xususiy, ham davlat kinematografiga birdek taalluqli!”, deya so‘zini yakunlagan Saida Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, bunday holat "Sevimli” telekanali bilan birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. 2018 yilda ham kanal pornografik sahnalari mavjud filmni efirga uzatgani uchun ogohlantirilgandi. 

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligida 2018 yilning 27 iyul kuni o‘tgan yig‘ilishda “Master media production and broadcast” mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligida tashkil etilgan “Sevimli” va “STV” telekanallari monitoringida bir qator qonun talablari buzilgani aytilgandi. 

Xususan, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi “Sevimli” telekanali orqali 2018 yil 15 iyul kuni coat 21:10 da  efirga uzatilgan “Hurliqo” (“I feel pretty”) badiiy filmining 45-daqiqasida pornografik mazmundagi sahna mavjudligi aniqlangan. Bundan tashqari, ushbu telekanalda ma’naviyatimiz va milliy qadriyatlarimizga zid, yoshlarning odob-axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yozishmalar, matnida hayosizlikni tashviqot qiluvchi jumlalar mavjud xorijiy qo‘shiqlar namoyish etilgani kuzatilgan.

Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “STV” telekanali 2018 yil 21 iyul kuni coat 09:17 da hayosizlikni targ‘ib qiluvchi, ayniqsa yoshlar odob-axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi “Sausage party” nomli xorij multfilmini efirga uzatgan. Jumladan, multfilm qahramonlarining hayosizlikni targ‘ib qiluvchi beo‘xshov qiliqlari, behayo suhbatlari, narkotik moddalarni qabul qilish, surbetlarcha qovushish sahnalari ochiq-oshkora namoyish etilgan.

Shuningdek, mazkur telekanal orqali 2018 yil 22 iyul kuni soat 22:45 da xorijning “Ya legenda” filmi efirga uzatilgan. Mazkur film syujetida virus tarqalgan hududda odamxo‘rlar va vahshiy hayvonlarning odamga hujum qilish, uni yeyishga urinish bilan bog‘liq vahshiylik, shavqatsizlik sahnalari mavjudligi aniqlangan. Syujetida tomoshabinlarni dahshatga soluvchi qo‘rqinchli tasvirlar mavjudligi bois, mazkur film “O‘zbekkino” Milliy agentligining ekspert komissiyasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi hududida namoyish etish, ko‘paytirish va tarqatish tavsiya etilmagan filmlar ro‘yxati”ga kiritilgan.

Telekanallar tomonidan nomlari qayd etilgan film va multfilmlarni efirga uzatish oqibatida O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunining 6-moddasi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunining 5-moddasi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 16-moddasi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 14- va 15-moddalari talablari buzilgan.

Yuqoridagi qonunbuzilish holatlaridan kelib chiqib, Idoralararo Komissiya qaroriga asosan “Master media production and broadcast” mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligidagi “STV” telekanalini efirga uzatish nomuayyan muddatga to‘xtatildi. “Sevimli” telekanali mas’ul xodimlariga keskin choralar qo‘llanilgani inobatga olinib, bunday holatlarga qayta yo‘l qo‘ymaslik sharti bilan telekanal rahbariyati qattiq ogohlantirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

2467

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing