Hech qanday remontada yo‘q. “Real Madrid” va “Bavariya” YeCHLni tark etdi

Sport

image

17 aprelga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasi chorak final javob o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda Madridning “Real” klubi “Arsenal”ni qabul qildi va 2:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Milan shahrida bo‘lib o‘tgan yana bir bahsda “Inter” “Bavariya” bilan 2:2 hisobini qayd etdi.

Kambeklar qiroli Madridda mahv etildi

Madridda bo‘lib o‘tgan uchrashuvning dastlabki daqiqalarida mezbonlar hujumchisi Kilian Mbappe gol urgandi, ammo ofsayd sabab bekor qilindi. Sal o‘tib, londonliklar penalti tepish imkoniyatiga ega bo‘ldi, lekin Bukayo Saka ushbu imkoniyatni golga aylantira olmadi. Birinchi taymda boshqa aytarli vaziyat bo‘lmadi. Ikkinchi taymning 65-daqiqasida Bukayo Saka Merinoninng chiroyli pasini golga aylantira oldi. Oradan 2 daqiqa o‘tar-o‘tmas, mehmonlar himoyachisi Salibaning xatosidan Vinisius foydalandi va hisobni tenglashtirdi. O‘yin yakuniga qadar maydon egalari bir qancha imkoniyatlarni ko‘kka sovurdi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda birga-bir vaziyatga chiqib kelgan Gabriyel Martinelli gol urib, “kanonirlar”ning g‘alabasini ta’minladi. Shu tariqa, Chempionlar ligasi qiroli deb atalgan “Real Madrid” chorak finalda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 5:1 hisobida “Arsenal”ga mag‘lub bo‘ldi va turnirni tark etdi. Londonliklar yarim finalda PSJga qarshi maydonga tushadi.

“San-Siro”dagi otishmada “Inter” omon qoldi

Chempionlar ligasi joriy mavsumining ikki yashirin favoriti deb hisoblangan “Inter” va “Bavariya” o‘zaro Milan shahridagi javob uchrashuvida to‘qnash keldi. Birinchi taym nisbatan zerikarli o‘tdi va hisob ochilmadi. Ikkinchi taymning 52-daqiqasida Xarri Keyn myunxenliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan 5 daqiqa o‘tar-o‘tmas, Lautaro Martines oradagi farqni tenglashtirdi. 61-daqiqada Pavar sobiq jamoasini gol bilan siyladi. 76-daqiqada esa Erik Dayer hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. O‘yin yakuniga qadar hisob boshqa o‘zgarmadi va “Inter” ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 4:3 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi. Milanliklar ushbu bosqichda “Barselona”ga to‘qnash keladi.

Ma’lumot o‘rnida, yarim finalning ilk o‘yinlari 30 aprel va 1 may kunlari, javob bahslari esa 7 va 8 may kunlari bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Real Arsenal Evropa Chempionlar ligasi Bavariya Inter chorak final javob o'yinlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing