Hayit namozining o‘qilish vaqtlari e’lon qilindi
Jamiyat
−
08 aprel
22820O‘zbekiston musulmonlari idorasi 2024 yil Ramazon hayiti (Iydul fitr) 10 aprel (shavvol oyining 1 kuni) chorshanba kuniga to‘g‘ri kelayotgani munosabati bilan hayit namozi vaqtlarini belgilab chiqdi.
Shunga ko‘ra, 2024 yil 10 aprel kuni Ramazon hayiti namozi quyidagi vaqtlarda o‘qiladi:
- Andijon viloyati 06:00
- Namangan viloyati 06:00
- Farg‘ona viloyati 06:00
- Toshkent viloyati 06:10
- Toshkent shahri 06:10
- Sirdaryo viloyati 06:10
- Jizzax viloyati 06:15
- Samarqand viloyati 06:20
- Surxondaryo viloyati 06:25
- Qashqadaryo viloyati 06:30
- Navoiy viloyati 06:30
- Buxoro viloyati 06:30
- Xorazm viloyati 06:50
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi 06:50
Ma’lumot uchun, bugun, 8 aprel kuni “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori ham qabul qilindi. Qaror bilan Ramazon hayitining birinchi kuni 10 aprel – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatda 2024 yil 10 aprel kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanishi belgilandi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon hayitini xalqning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishi ta’kidlangan.
Turizm qo‘mitasiga Transport vazirligi bilan birgalikda fuqarolar uchun Ramazon hayiti kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratish vazifasi topshirilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilgan.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov zimmasiga yuklangan.
LiveBarchasi