Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Haydovchilarning “sho‘xliklari” uchun jazo oshdi

Jamiyat

Yo‘l transport hodisalari jamiyatda jiddiy ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik va boshqa muammolarga sabab bo‘ladi. Har yili O‘zbekistonda minglab odamlar yo‘l transport hodisalari oqibatida jarohat oladi yoki halok bo‘ladi. Buning asosiy sabablari orasida tezlikni oshirish, ehtiyotsizlik, mast holda avtomobilni boshqarish va yana ko‘plab holatlar mavjud.

Joriy yilning 20 fevral kuni qabul qilingan “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun bilan yo‘lda harakatlanish tartibi bo‘yicha anchagina o‘zgarishlar kiritildi. Hozir ana shular haqida batafsil ma’lumot beramiz.

Endilikda siz O‘zbekistonda transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilsangiz va sizga ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin  ham mashina haydasangiz, jinoiy javobgarlikka tortilasiz. Bunday holda bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha (18 million 750 ming so‘mdan - 37 mln so‘mgacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishingiz mumkin. Bu Jinoyat kodeksiga kiritilgan 261-2-moddasida ko‘rsatilgan.

Shuningdek, hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 195-2-moddasi kiritilgan. Unga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto va videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan internetda tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Bunday holda sizning cho‘ntagingizga 7,5 million so‘mdan 18 million 750 ming so‘mgacha miqdorda ziyon yetadi.

Yana bir o‘zgarish. Jarima ballarini 12 balldan oshirgan haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgani uchun ma’muriy jazo qo‘llaniladi. Bunda belgilangan huquqbuzarliklar sodir etilgani uchun transport vositasining haydovchisiga nisbatan mazkur huquqbuzarliklarda nazarda tutilgan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblanadi. Sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima balining eng yuqori miqdori 2 balldan oshmasligi kerak. 

Jarima ballari belgilangan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan e’tiboran bir yil davomida hisoblab boriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun hisoblangan jarima ballari bir yil o‘tgach transport vositasining haydovchisidan avtomatlashtirilgan tarzda yechiladi.

Hisoblangan jarima ballari bir yil davomida 12 balldan oshgan hollarda, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan tartibda qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Bunday huquqdan mahrum qilish muddati 6 oydan kam bo‘lmasligi belgilandi.

Bundan tashqari, mast holda mashina haydaganlar yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlar ham jinoiy javobgarlikka tortiladi.

  • Avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikatsiya raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlaganlik, o‘tkazganlik yoki ulardan foydalanganlik, shuningdek ularni qalbakilashtirganlik uchun;
  • Avtomototransport vositalari, shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini va traktorchi-mashinistlarni tayyorlash hamda qayta tayyorlash, shuningdek imtihonlar o‘tkazish va guvohnomalar berish tartibini buzganlik uchun;
  • Transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun;
  • Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun;

Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bunda transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik, ya’ni uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.

Ma’lumot o‘rnida aytib ketsak, mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 2021 yilda 40 ming 542 ta, 2022 yilda 47 ming 365 ta va 2023 yilda 41 ming 866 ta,  o‘tgan yilda esa 31 ming 436 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Birgina 2024 yilda qariyb 8 ming haydovchi mast holda transport vositasini boshqargani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng takroran transport vositasini mast holatda boshqargani aniqlangan.

2024 yilda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi (transport vositalarini mast holda boshqarish) va 136-moddasi (transport vositalari haydovchilarini va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarini mast holda tekshiruvdan o‘tkazishdan bo‘yin tovlash) bilan 32 ming 999 nafar shaxsga nisbatan 32 ming 723 ta ish ko‘rib chiqilgan. Xususan, 31 ming 351 fuqaroga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish va ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo choralari qo‘llangan.

Haydovchilarning tezligi borasida ham to‘xtalib o‘tsak. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasining ayrim qismlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi, -bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, ya’ni 1 million 875 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortik, lekin 60 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborgan haydovchi esa bazaviy hisoblash miqdorining to‘qqiz baravari, ya’ni 3 million 375 ming so‘m miqdorida jarima to‘laydi. Belgilab qo‘yilgan tezlikni soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborish bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari, aniqrog‘i 5 million 625 ming so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi – to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar va transport vositalari spidometri ko‘rsatkichlaridagi yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan jami xatolar hisobga olinib, ularda qayd etilgan tezlikdan soatiga 5 kilometr chegirib tashlangan holda, ma’muriy jazo chorasi qo‘llanadi.

Shu o‘rinda yo‘lga otlanayotgan har bir haydovchi yoki piyodadan harakatlanish vaqtida barcha xavfsizlik talablariga va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishni so‘raymiz. Yo‘llarda harakatlanganda tartibni buzib, tezlikni oshirib, kimningdir umriga bevaqt zomin bo‘lmang.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston transport yo'l harakati qoidalari Jarima jarima ballari Yo'l transport hodisasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing