Haydovchilar diqqatiga! 10 ta “pismiq fotoradar” yo‘llarga chiqyapti

Jamiyat

image

O‘zbekistonda yangi turdagi fotoradarlar o‘z ishini boshlash arafasida. 10 ta Nexia rusumli avtomashinalar Germaniyaning “JENOPNIK Robot GmbH” nomli firmasida ishlab chiqarilgan zamonaviy tezlik o‘lchash moslamalari bilan jihozlandi. QALAMPIR.UZ ta’biriga ko‘ra, “pismiq radar” deb nomlangan ushbu moslamani sinovdan o‘tkazish ishlari boshlanadi. Buning uchun esa ushbu moslamani ishlatishga jalb etiladigan yo‘l patrul xizmati inspektorlari maxsus o‘quv kurslarida tayyorgarlikdan o‘tishadi hamda sinov imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirganlar yangi texnologiya bilan ishlashga jalb etiladi.

Shuni aytish kerakki, avtomobilning tashqi oldi qismiga harakatda, shuningdek, statsionar tartibda ishlashga moslashtirilgan fotoradar kompleksi o‘rnatilgan. Avtomobil saloniga esa 16 megapikselli foto kamera o‘rnatilgan. Bu kompleks 1 tadan 6 tagacha harakat bo‘laklari bo‘lgan yo‘llarda yo‘nalish bo‘ylab, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan va belgilangan tezlik talablarini buzgan transport vositalarining qoidabuzarligini avtomatik tarzda qayd etadi. Kompleks tarkibiga kiruvchi va avtomobilning oldi qismiga o‘rnatilgan maxsus chiroq qorong‘u va yetarlicha ko‘rinmaslik sharoitida avtomobil davlat raqam belgilarini tanib olishga yordam beradi.

Radar kompleksi soatiga 10 kilometrdan boshlab 250 kilometrgacha bo‘lgan tezlik qoidabuzarligini 100 metr masofadan qayd etish imkoniyatiga ega. 

Avtomobil saloniga o‘rnatilgan monitor yordamida radar kompleksining ishi uni boshqarayotgan yo‘l-patrul xizmati inspektori tomonidan kuzatib boriladi.

Ushbu radar kompleksi dastlab sinov tariqasida, mavjud qonun va qoidalar talablari asosida tezlik talablarini buzish bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni aniqlashga jalb etiladi.

Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi tomonidan mobil kompleks avtotransport vositalari uchun turargoh hamda tegishli texnik inshootlarni tayyorlash va ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha mobil kompleks, statsionar uskunalar, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi qurilmalari keltirilishi hamda test rejimida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

fotoradar

Baholaganlar

488

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing