Haydovchi jazolandi. Muammo esa o‘z o‘rnida qoldi (video)
Jamiyat
−
25 dekabr 2025 8996 2 daqiqa
QALAMPIR.UZ'ga 23 dekabr kuni Toshkent viloyati Toshkent tumanidan poytaxtga qatnovchi avtobuslardan birining holi xarobligi haqida murojaat kelib tushgan edi. Unda fuqarolar jamoat transportining nosozligi va hududdagi aholi uchun kichiklik qilayotganini aytib chiqqan. Holat yuzasidan tuman hokimligi munosabat bildirib, o‘sha vaqtda ushbu avtobus boshqaruvida bo‘lgan haydovchi jazolanganini ma’lum qildi.
“Videolavhada aks etgan holat yuzasidan tegishli o‘rganish ishlari olib borildi va jamiyat haydovchisiga Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi”, deyiladi hokimlik munosabatida
Shuningdek, hokimlikning qayd etishicha, hozirda hududga Xitoydan 40 dona avtobus olib kelinishi bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda va ushbu yangi avtobuslar 2026 yilning birinchi choragida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
“Jamoat transporti tizimini yaxshilash, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha ishlar izchil ravishda davom ettiriladi va bu borada jamoatchilik fikri inobatga olinadi”, deyiladi munosabatda.
Bundan tashqari, tuman hokimligi vakillari aholidan tirbandlik va yuklama yuqori bo‘lgan paytlarda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasdan, biroz sabr bilan keyingi avtobusni kutishni so‘ragan.
Aholining esa kutishlardan sabri to‘lgan. QALAMPIR.UZ'ga kecha, 24 dekabrda ham aynan ushbu yo‘nalishdagi avtobuslardan shikoyatlar kelib tushdi. Murojaatchilarning aytishicha, ular avtobuslarda odatdagidek eshiklarga osilgan yoki diqqinafas bo‘lgan holda yo‘lga chiqishgan.
Bunday holga tushishni xohlamagan fuqarolar esa, hokimlik aytganidek, keyingi avtobusni kutishga qaror qilgan. Ammo baxtga qarshi, keyingi transport avvalgisidan-da yo‘lovchiga serob bo‘lib, bekatga yetib kelgan.
“Bizga muammoning yechimi kerak, haydovchining jarima to‘lashi emas”, deydi murojaatchilardan biri.
Live
Barchasi