“Hatto o‘lgan odamga emlanganlik xabari kelgan”. SSV SMS-xabar kelishidagi xatoliklarga izoh berdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda emlanganlik haqidagi SMS-xabarlar yuborishda yanglishmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligining IT-Med korxonasi xodimi Shohrux Qurbonov holatga izoh berdi.

“Kimgadir emlangani haqidagi SMS-xabar kelib tushadi, lekin u emlanmagan bo‘ladi. Yoki kimningdir raqamiga boshqa bir fuqaroning emlangani haqida xabar keladi. Bundan ham hayron qolarlisi, hatto vafot etgan odamga emlanganlik xabari kelgan holatlar ham bor.

Tizim elektron bo‘lgani bilan unda inson omili ishtirok etadi. Hozirda emlangan fuqarolarning ma’lumotlarini tizimga kiritayotgan tibbiyot xodimi katta hajmdagi informatsiya bilan ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda”, deydi Qurbonov.

Shu sababdan fuqarolarga emlash brigadasi xodimi jurnal yoki kompyuterga pasport ma’lumotlari va telefon raqamini to‘g‘ri kiritayotganligiga e’tibor qaratish tavsiya etilgan.

“Ba’zi emlash punktlarida ma’lumotlar qog‘oz jurnallarga kiritilganligi bois, ma’lumotlar bazasini to‘ldiradigan tibbiyot xodimining xato qilish ehtimoli mavjud.

Misol uchun, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyo‘l tumanida yashagan B.Yo‘lchiyev nomiga vaksinaning birinchi dozasini olgani haqida SMS-xabar kelgani, lekin bu inson vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Bunda o‘sha hududga biriktirilgan tibbiyot xodimi emlanganlik haqidagi ma’lumotlarni tizimga kiritishda xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkin.”, deydi kompaniya vakili.

Qayd etilishicha, hudud aholisi haqidagi ma’lumotlar oilaviy shifokor punkti qaydnomalarida mavjud bo‘ladi. Emlash holatlarini ro‘yxatga olishda fuqarolarning pasport seriyalaridan foydalaniladi. Ayrim holatlarda ushbu pasport seriyalari xato bo‘lishi yoki boshqa fuqaroga tegishli seriyalar bilan kiritish holatlari uchraydi.

“Yuqoridagi holatda adashib kiritilgan pasport seriyasi tufayli vafot etgan fuqaro nomiga SMS-xabar borgan.

Boshqa odamga xabar borishi masalasiga kelsak, fuqaroning telefon raqamini kiritishda xatolikka yo‘l qo‘yish holatlari uchrab turibdi. 

Bunday holatlarning oldini olish uchun, eng avvalo, tibbiyot xodimlari o‘z ishlariga mas’uliyatli bo‘lishi, tizim imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanishlari barobarida fuqarolalardan ham  o‘z telefon raqamlarini emlash hamshirasiga to‘g‘ri aytganiga ishonch hosil qilib olishlarini so‘rab qolamiz”, degan Shohrux Qurbonov.


Maqola muallifi

Teglar

vaktsinatsiya

Baholaganlar

135

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing