Harris Tramp bilan debatda qatnashishdan bosh tortdi
Olam
−
20 avgust
5683AQSHdagi kelgusi saylovlarda demokratlardan prezidentlikka nomzod, mamlakatning amaldagi vitse-prezidenti Kamola Harris 4 sentyabr kuni “Fox News” telekanali mezbonlik qilishi kerak bo‘lgan saylovoldi debatida qatnashishdan bosh tortdi. Bu haqda uning respublikachi raqibi Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, u voqealar rivojidan hayron emas, debatlar o‘rniga xuddi shu sanada u “Fox News” platformasida saylovchilarning savollariga javob beradi.
Ma’lum qilinishicha, respublikachi Tramp, avvalroq, Harris bilan saylovda uch raund debat o‘tkazishni xohlashini aytgan. Trampning taklifiga ko‘ra, birinchi raund 4 sentyabr kuni “Fox News” telekanalida, 10 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan ikkinchi debatga ABC telekanali mezbonlik qilishi, uchinchi raund munozara NBC telekanalida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Hozircha Harris faqat 10 sentyabr kungi bahsda qatnashishga rozi bo‘ldi. Biroq demokratlar nomzodi 10 sentyabrdan keyin qo‘shimcha debatlar o‘tkazish g‘oyasini muhokama qilishga tayyorligini ham aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH prezidentligiga nomzodlar Kamola Harris va Donald Trampning joriy yilning 10 sentyabr kuni ABC kanali mezbonligidagi teledebatda uchrashishi xabar qilingandi.
Zebo Turobjonova
LiveBarchasi