Harris birinchi so‘rovnomada Trampni ortda qoldirdi
Olam
−
24 iyul
6983AQSH vitse-prezidenti Kamola Harris “Reuters” va “Ipsos” agentliklari tomonidan o‘tkazilgan milliy so‘rovnomada sobiq prezident Donald Trampni ortda qoldirdi. Harrisni respondentlarning 44 foizi, Trampni esa 42 foizi qo‘llab-quvvatladi. Tadqiqot amaldagi davlat rahbari Jo Bayden qayta saylanish uchun kurashdan voz kechayotganini e’lon qilganidan keyin o‘tkazildi. So‘rov natijalari kecha, 23 iyul kuni e’lon qilindi.
So‘rovda qatnashganlarning 56 foizi 59 yoshli Harrisning “o‘tkir aqli” va “qiyinchiliklarga dosh bera olishiga” ishonch bildirdi. 78 yoshli Tramp haqida faqat 49 foiz respondent shunday fikrda. 81 yoshli Baydenning natijasi esa 22 foizni tashkil etdi.
Bayden prezidentlik poygasidan chiqishini e’lon qilishidan oldin, 15-16 iyul kunlari o‘tkazilgan avvalgi so‘rovda Tramp va Harris 44 foizdan ovoz to‘plagan. Iyul oyi boshida esa sobiq prezident noyabrdagi saylovlarda o‘zining potensial raqibidan bir foizga o‘zib ketdi.
21 iyul kuni Jo Bayden AQSH prezidentlik saylovlaridan o‘z nomzodini olib qo‘yishini ma’lum qildi va buni Demokratik partiya va butun mamlakat manfaatlari bilan izohladi. Oq uy rahbari uning o‘rniga Kamola Harrisni taklif qilib, uni “to‘liq qo‘llab-quvvatlashini” bildirdi. AQSH vitse-prezidenti oliy davlat lavozimiga nomzodini qo‘yishga rozi bo‘ldi. U respublikachi Trampni yengish uchun Demokratik partiya va xalqni birlashtirish uchun “hamma narsani qilishga” va’da berdi.
Ertasi kuni Harris bo‘lajak saylovlarda nomzodlik uchun Demokratik partiya delegatlarining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini e’lon qildi. Buni ommaviy axborot vositalari ham tasdiqladi. AP so‘roviga ko‘ra, Demokratlar partiyasining 19-22 avgust kunlari Chikagoda bo‘lib o‘tadigan qurultoyining 4000 ga yaqin delegatidan 2500 nafari uning nomzodini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Nomzodlik uchun 1976 ovoz yetarli.
Bundan tashqari, Harris Bayden kurashni davom ettirishdan bosh tortganini e’lon qilganidan keyin 24 soat ichida o‘zining saylovoldi kampaniyasi uchun rekord miqdordagi xayriya – 81 million dollar yig‘di.
Azizbek Eshmamatov