Har kuzda shu bo‘lar takror! Senat to‘ylarni o‘tkazishga oid qat’iy qarorni qabul qildi
Jamiyat
−
14 Sentabr 2019
10238Har bahorda shu bo‘lar takror degan qo‘shiq yodingizga tushadi, so‘nggi vaqtlarda to‘y-hashamlar borasidagi tanqid va takliflarni eshitib.
Yodingizda bo‘lsa, ilk bor bu masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilning 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan o‘tkazgan yig‘ilishidan keyin kun tartibiga chiqqandi. Davlat rahbari o‘shanda bugungi to‘ylarni, undagi dabdaba, kelin navkar kabi yevropadan kirib kelgan illatlarni tanqid ostiga olib, jo‘yali takliflar bergandi. Keyin Olmaliqqa tashrifi davomida ham endi 150 kishilik to‘ylar o‘tkazish kerakligi, bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining maxsus qarori qabul qilinishini aytgandi.
Bu orada 2018 yilning kuz oylariga ham yetib keldi. Shov-shuvlar kun sayin kuchaydi. Har kuni yangi gap, yangi mulohaza, yangi tortishuv. Odamlar to‘y kunini belgilash, qancha mehmon chaqirishni bilmay qoldi. Senatning qarorini kutdi. Qaror chiqmadi, tavsiyalar berildi, xolos.
O‘zbekistonda kuzda to‘ylar har qachongidan ko‘p bo‘ladi. 2019 yilning kuzi ham keldi. Bir haftadirki, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda senatorlar, jamoatchilikning chiqishi kuchaygan. Kimdir undoq qilish kerak deydi, boshqasi bundoq. Gap boshida aytilganidek, har kuzda shu bo‘lar takror. Yo‘q, bu safar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining qo‘shma qarori qabul qilindi. Aytishlaricha, bu safar qat’iy!
“To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror 59 senatorning ovozi bilan qabul qilindi. Shuningdek, qaror bilan to‘y va ma’rakalarni tashkil etish bilan bog‘liq Nizom ham tasdiqlandi.
So‘zga chiqqanlar bu masala butun jamiyat uchun muhimligi tufayli uning Senat yalpi majlisida muhokama etilishi alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
So‘nggi yillarda xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o‘zida aks ettirgan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ko‘zga tashlanmoqda.
Bunday holatlarga barham berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida, shuningdek fuqarolar yig‘inlarida oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzildi, ko‘plab tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Biroq o‘rganishlar tahlili, shuningdek aholi bilan bevosita o‘tkazilgan muloqotlar, jamoatchilik vakillaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu sohada bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar hamon saqlanib qolayotganligini ko‘rsatdi. Xususan, ayrim fuqarolar dabdabali to‘y marosimlariga katta mablag‘ sarflanishi tufayli qarzga botmoqda va qarzni uzish uchun chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda.
Ba’zi fuqarolar oilaviy tadbirlarni dabdaba bilan o‘tkazishni qo‘shnilar, qarindoshlar tanqididan, umuman olganda, jamoatchilikning bosimidan xalos bo‘lish vositasi sifatida tushunmoqda. Vaholanki, bunday tadbirlar yaqin qarindoshlar o‘rtasida ziddiyatlar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.
Senatorlar keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari va xohish-istaklaridan kelib chiqib, bunday holatlarga barham berish, aholi, ayniqsa, yoshlarda bu masalaning mohiyati va ahamiyati haqida to‘g‘ri tushuncha hosil qilish maqsadida qat’iy choralar ko‘rish muhim ekanligini ta’kidladi.
LiveBarchasi