Har bir nomzodga 3,1 milliard. Prezident sayloviga qancha mablag‘ ajratiladi?
Jamiyat
−
16 iyun 2021
5335O‘zbekistonda prezident saylovlarini o‘tkazish uchun 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu haqda bugun, 16 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar smetasini tasdiqlash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, xarajatlar smetasini shakllantirishda xalqaro saylov standartlari talablaridan, shuningdek, avvalgi saylovlar tajribasini tahliliy o‘rganish natijalaridan kelib chiqqan holda ushbu saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida mablag‘ talab etiladigan barcha jihatlar hisobga olingan.
Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilangan.
Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va targ‘ibot ishlariga 15 mlrd 486 mln so‘m ajratiladi, shunda har bir nomzodga 3 mlrd 97 mln so‘mdan beriladi.
Ushbu mablag‘lar quyidagilarga ajratiladi:
14 ta okrug saylov komissiyasining har biriga 56 mln 991 ming so‘mdan,
qariyb 10 800 ta uchastka saylov komissiyasining har biriga 11 mln 813 ming so‘mdan mablag‘ ajratiladi.
Majlisda okrug va uchastka saylov komissiyalari uchun ajratilayotgan ushbu mablag‘larning 80 foizdan ko‘prog‘i mazkur komissiyalar a’zolarining ish haqi, kompensatsiya hamda yagona ijtimoiy to‘lovlar uchun sarflanishi qayd etildi. Pandemiya sharoitida saylov komissiyalari a’zolari va saylovchilarning salomatligi bilan bog‘liq xavfsizligini ta’minlash uchun shaxsiy himoya vositalari va dezinfeksiyalovchi materiallar xaridiga doir mablag‘lar ham inobatga olingan.
Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishga esa “kaskad” usulida tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlari uchun 18,4 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘ning 92 foizi trenerlar va monitoring guruhi a’zolarining ish haqini tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident saylovi joriy yilning 24 oktyabr kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.