Hamon sovet mafkurasini qo‘llab-quvvatlovchilar bor – Ozodbek Nazarbekov

Intervyu

O‘zbekistonda so‘nggi bir-bir yarim oyda ijtimoiy tarmoqlarda mafkura masalasi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Toshkentda ta’mirlangan butxona, 9 mayning G‘alaba kuni sifatida nishonlanishi O‘zbekistonda hamon sobiq ittifoqdan qolgan mafkura hukm surayotganini anglatishi muhokama markazida bo‘ldi. 

O‘zbekistonda mafkura masalasida so‘z ochilgudek bo‘lsa, gap borib yo oqposhshoyu Stalinga, yo turk seriallariga, juda bo‘lmaganda g‘arbdan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan vositalarga borib taqaladi. Xo‘sh, O‘zbekiston nima uchun xorijdan kirib kelayotgan mafkuradan qo‘rqishi kerak? Ha, agar o‘tgan 30 yil davomida mustaqil O‘zbekiston mafkurasini ishlab chiqib, xalqni, ayniqsa, yoshlarni ushbu mafkura atrofida birlashtira olmagan bo‘lsak, unda qo‘rquv o‘rinli. Yo‘qsa, bekorga vaqt sarflayapmiz. 

Xabaringiz bor, kuni kecha QALAMPIR.UZ O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan suhbatlashdi. Unda mafkura masalasida ham so‘z borgan: 

Ozodbek Nazarbekov, vazir: — Ochig‘ini ayta olaman, mustaqillik yillari mobaynida bu mafkura yaratilmadi. Mayib mafkura bo‘ldi. Mafkuraning vazifasi – xalqni, jamiyatni yuksaltirish. Ya’ni ruhini, ongini, tafakkurini yuksaltirish. U keskir fikriy poydevor bilan bo‘ladi. Fikriy poydevorning o‘zi ishlab chiqilmadi yoki puch poydevorlar qo‘yildi. 

Qamariddin Shayxov, jurnalist: – Mafkuramiz mayib bo‘lgan bo‘lsa, siz qayerdan chiqdingiz? Bu lavozimga qaysi mafkura bilan keldingiz? 

O.N.: — Albatta, bu tabiiy savol. Meni shaxsan o‘z mafkuram bor. Bugun jamiyat ommaviy tarzda ergashadigan mafkurani shakllantira olmadik. O‘zimning shaxsiy mafkuram doim bo‘lgan. Millatim, Vatanim, dinim, oilamning ravnaq topishi – men uchun hayot-mamot masalasi. Menga shaxs sifatida mana shu mafkuraning o‘zi yetadi. Agar 4-5 ta omilning ravnaq topishiga xizmat qilib o‘tsam, men hayotimdan mamnunman, roziman. 

Bugungi kunda hamma yakdil mafkurani qabul qila oldimi, degan savol bor. Mana shu savolga javob yo‘q. Albatta, urinishlar, harakatlar bo‘lyapti. 

Jamiyatimizda yuqori idoralardan tortib, eng quyi qatlamgacha xilma-xillik, umuman mafkuraviy kelishmaslik holatlari juda ko‘p. Katta-katta lavozimda o‘tirgan odamlar orasida ham aynan mafkura masalada xilma-xillik bor. O‘sha asoratlari yashamoqda. Hali ham sovet mafkurasini qo‘llab-quvvatlovchilar bor. Umuman mafkurasiz yashash kerak, mafkuraning nima keragi bor, deydiganlar ham topiladi. 

Q.Sh.: — Kerakmi? 

O.N.: — Kerak! Mafkurasiz jamiyatni boshqarib bo‘lmaydi. 

Q.Sh.: — Umi yo ular? Ya’ni mafkurani qura olishmadimi yo qura olmadi? 

Ozodbek Nazarbekovning shu va boshqa savollarga qanday javob berdi? Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozodbek Nazarbekov

Baholaganlar

177

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing