Hamma o‘z ishini qiladi. Chiroyli raqamlar ortidan quvilmaydi – Norboyeva
Jamiyat
−
27 dekabr 2022
12095Bugun, 27 dekabr kuni Senatning 36-yalpi majlisida “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ko‘rib chiqildi. Oliy Majlis Senati raisiga ko‘ra, davlat byudjeti shakllantirilishida "har bir masala sinchiklab, yetti emas, yetmish martta" o‘rganilgan.
“Senatda davlat byudjeti bo‘yicha, Qonun rasman kiritilishini kutib o‘tirmasdan, tayyorgarlik ishlari ancha oldin boshlangan. Byudjetni shakllantirishda Hukumat, vazirlik, idoralar, ayniqsa, hududlar bilan bevosita doimiy ish yo‘lga qo‘yilgan. Hudud manfaatlari nuqtai nazaridan mahalliy Kengashlarning ham fikri olindi.
Xususan, joriy yilda senatorlarimiz tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan masalalarni o‘rganish davomida umumiy qiymati 2,5 trln so‘mlik qariyb 1 000 ga yaqin muammoli (kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va ta’mirlash, aholiga tibbiy ezoterika xizmat sifatini oshirish) masala aniqlanib, Hukumatga kiritilgan”, deydi Senat raisi.
Norboyevaga ko‘ra, senatorlar tomonidan kiritilgan takliflar atroflicha o‘rganilgan muammoni hal qilish uchun 800 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishi belgilangan va bu mablag‘lar muhokama qilingan 2023 yilgi Davlat byudjetida aks etgan.
“Agar hududlar misolida aytsak, faqat byudjetga bog‘lanib qolmasdan, mavjud salohiyatidan yanada kengroq foydalanishga e’tiborni kuchaytirish kerak. Byudjetni tasarruf etish bilan bog‘liq jarayonlarda raqamlashtirish imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish zarur.
Endilikda har bir vazirlik byudjet resurslaridan foydalanishda mustaqil bo‘lib, ayni paytda ularning oldiga aniq vazifalar, konkret ko‘rsatkichlarga erishish vazifasi ham qo‘yiladi. Hamma o‘z ishi bilan shug‘ullanadi. Chiroyli raqamlar ortidan quvish, faqat hisobotlarga berilish endi bo‘lmaydi”, deydi Senat raisi.