Hamma qiynalyapti – Si Szinpin
Olam
−
15 noyabr 2022
15489Siyosiylashtirish, oziq-ovqat va energiyadan qurol sifatida foydalanishga urinishlarni qabul qilib bo‘lmaydi. Dunyo davlatlari bunga qat’iy qarshi chiqishi kerak. Bu haqda bugun, 15 noyabr kuni Balida bo‘lib o‘tgan G20 sammitida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin so‘z ochdi.
“Biz oziq-ovqat va energetika masalalarini siyosiylashtirish va qurol sifatida ishlatishga urinishlarga keskin qarshi turishimiz kerak. Bir tomonlama sanksiyalarni bekor qilish, tegishli ilmiy-texnikaviy hamkorlikdagi cheklovlarni olib tashlash kerak”, deydi u.
Xitoy rahbari G20 davlatlarini rivojlanayotgan mamlakatlarga oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohasidagi muammolarni hal qilishda yordam berishga chaqirdi.
“Rivojlanayotgan mamlakatlarning oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohasidagi xavf-xatarlari tobora kuchayib bormoqda. G20 davlatlari bunga e’tibor qaratib, ishlab chiqarish, saqlash, moliyalashtirish va texnik ko‘mak sohasida zarur yordam ko‘rsatishi kerak”, deydi u.
Shuningdek, u mafkuraviy va blokli qarama-qarshilik dunyo uchun zararli ekanligini aytdi.
“Biz bitta global qishloqda yashaymiz. Va turli xavf va tahdidlarga duch kelganimizda, biz birgalikda harakat qilishimiz kerak. Mafkuraviy chegaralanish, qarama-qarshi ittifoq va bloklar siyosatidagi o‘yinlar dunyoni bo‘lib tashlashi va insoniyatning global taraqqiyoti va rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin, xolos”, deydi u.
Si Szinpinga ko‘ra, jahon iqtisodiyoti retsessiya (iqtisodiyotda ishlab chiqarishning nisbatan mo‘’tadil, kritik bo‘lmagan pasayishi yoki iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi) xavfi ostida.
“Biz yanada barqaror global rivojlanishga yordam berishimiz kerak. Iqtisodiy globallashuv teskari shamollarga duch kelmoqda, jahon iqtisodiyoti tanazzul xavfiga duch kelmoqda. Hamma qiynalmoqda, birinchi navbatda rivojlanayotgan davlatlar jabr ko‘radi”, deydi Xitoy rahbari.
U koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni tiklash uchun sharoit yaratishga chaqirdi.
LiveBarchasi