HAMASning yangi rahbari Isroil bilan sulhga erishmoqchi
Olam
−
12 avgust
6288HAMAS harakatining yangi rahbari, siyosiy byuroning avvalgi rahbari Ismoil Xoniya o‘ldirilishi ortidan saylangan Yahyo Sinvar Misr va Qatar vositachilari orqali Isroilga sulh bo‘lishini istashi haqidagi xabarni yetkazdi. Bu haqda Isroildagi manbasiga tayanib, 11 avgust kuni Amerikaning CNN telekanali xabar berdi.
“Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu buni xohlayaptimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum”, deya aniqlik kiritadi telekanal.
Telekanalning hukumatdagi ikki manbasining aytishicha, Netanyaxu hukmron koalitsiya uchun qanday oqibatlarga olib kelishidan qat’i nazar, kelishuvga tayyor. Biroq Isroilning bir qator xavfsizlik agentliklari Bosh vazirning koalitsiyadagi ayrim o‘ta o‘ng vazirlarning kelishmovchiligini inobatga olib, uning tayyorligiga shubha bilan qaramoqda.
Masalan, Moliya vaziri Bezalel Smotrich sulhga qat’iyan qarshi bo‘lib, uni “taslim bo‘lish” deb atadi. E’tirozlarni avvalroq mamlakat Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir bildirgan edi, u ham o‘ta o‘ngchi “Osma Yexudit” partiyasi rahbari.
“AQSH rasmiylari Isroilga mintaqaviy urushning oldini olish uchun tezda o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida bitim tuzishini kutishlarini “aniq aytdi”, deydi CNN manbasi.
Ma’lumot uchun, 61 yoshli Yahyo Sinvar 2023 yil oktyabr oyida HAMASning Isroilga uyushtirgan yirik hujumi tashkilotchisi sanaladi. Guruh Sinvarning Siyosiy byuro rahbari etib saylanganini 6 avgust kuni, Tehronda o‘zidan avvalgi Ismoil Xoniya o‘ldirilganidan bir hafta o‘tib e’lon qildi.
Sinvar HAMAS siyosiy byurosi rahbari etib tayinlangach, Tashqi ishlar vaziri Israe Kats uni tezroq yo‘q qilishga chaqirdi.
Yahyo Sinvar HAMASning eng ko‘p qidirilayotgan yetakchilari ro‘yxatida. Guruhning Isroilga hujumidan so‘ng u omma oldida ko‘rinmay qolgan va G‘azo sektori ostidagi yer osti tunnellarida yashiringan deb taxmin qilinadi.