HAMASning “boshi” tanasidan judo qilindi
Tahlil
−
31 iyul
11862Bugun, 31 iyul kuni Yaqin Sharqda tong yana bir mojaro bilan qarshi olindi. Livan va Isroil chegarasidagi keskinlik va Isroilning Livan poytaxti Bayrutga bergan zarbasidan bir lahza o‘tib HAMAS harakatining miyasi Ismoil Xoniya yo‘q qilindi. Mudhish voqea Eron poytaxti Tehronda sodir bo‘ldi. Isroilning Falastin xalqi va G‘azo sektoriga bo‘lgan tajovuziga qarshi asosiy qalqon bo‘lib turgan Xoniya endi siyosiy maydonda mavjud emas.
Suiqasd tafsilotlari
Marhum HAMAS byurosi yetakchisi Ismoil Xoniya kecha hayotidagi eng so‘nggi tashrifini Tehronga qilgandi. U yangi saylangan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimida qatnashish uchun mamlakat poytaxtida hozir bo‘lgandi. Shu kuni Xoniyani Eron parlamentida fors qonunchilari qurshovidagi qizg‘in suhbatda ko‘rish mumkin edi. Inauguratsiya tadbiridagi fotomateriallarda Ismoil Xoniya marosimni Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yaqin Sharqdagi bir necha harakat rahbarlari bilan birga eng old qatorda kuzatayotgani aks ettirilgandi. Ular orasida Yaman husiylari, Falastin Islomiy Jihod tashkiloti va “Hizbulloh”ning yuqori martabali rahbarini ham ko‘rish mumkin. Ismoil Xoniyaga qarshi uyushtirilgan suiqasd esa rasmiy tadbirlardan so‘ng, 31 iyulga o‘tar kechasi tunda sodir etildi. U bilan birga voqea joyida bir nafar tan soqchisi ham vafot etgani aytilmoqda. Voqea tafsilotlariga ko‘ra, u mavjud bo‘lgan binoga havo hujumi uyushtirilgan. Eron islom inqilobi korpusi bu harakatda Isroilni aybladi, ammo rasmiy Tel-Aviv korpusning ushbu aybloviga hozircha rasmiy munosabat bildirganicha yo‘q. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay, o‘tgan yili 7 oktyabrda ikki o‘rtada keng ko‘lamdagi urush boshlanganda Isroil rasmiylari o‘z xalqiga HAMAS va uning rahbarlarini yo‘q qilishga va’da bergandi. HAMAS harakatiga tegishli matbuot xizmati ham ushbu suiqasdda Isroil kuchlarini aybladi.
Ayni damda ushbu o‘ta maxfiy operatsiya tashkillashtirilgan joy yoki bino haqida dunyo OAVlari tomonidan bir qancha chalg‘ituvchi ma’lumotlar sizdirilmoqda. Ammo Erondagi ishonchli mahalliy axborot agentliklari suiqasd Tehrondagi urush faxriylari uchun mo‘ljallangan binoda tungi soat 02:00 lar atrofida bo‘lganini yozishmoqda. HAMAS harakati rasmiy bayonotda siyosiy byuro rahbarining o‘limini tasdiqladi. Eronning qoq ma’muriy markazida uyushtirilgan mazkur qotillik ayni damda Islom Respublikasining xavfsizlik tuzilmalari uchun sharmandalik sifatida baholanmoqda. Ammo mahalliy axborot agentliklari shu kungi havo hujumi “Eron ichidan emas, balki tashqarisidan uchirilgan raketa bilan amalga oshirilgan”ini iddao qilishmoqda. Voqea atrofidagi so‘nggi xabarlarda ma’lum qilinishicha, Ismoil Xoniya 2 avgustda juma namozidan keyin Qatar poytaxti Dohada dafn etiladi.
Xoniya kim edi?
O‘z siyosiy hayot yo‘lida 35 yildan buyon tin olmagan yoki sokin davrlari deyarli yo‘q bo‘lgan Ismoil Xoniya 1980 yillar oxirida HAMASning taniqli a’zosi bo‘lib ulgurgandi.
Ammo 1988 yilda Isroil hukumati Xoniyani 1987-1993 yillarda Isroil davlatiga qarshi Falastin xalqining birinchi norozilik harakatida ishtirok etgani uchun hibsga oldi. U olti oyga qamalgan. Ikkinchi hibsga olish 1989 yilda sodir bo‘ldi. Bu safar u bir qator HAMAS yetakchilari bilan birga Isroil va Livan o‘rtasidagi ovloq va kimsasiz yerlarga surgun qilindi
1993 yilda Xoniya G‘azoga qaytishga muvaffaq bo‘ldi.
U 2006 yilda milliy saylovlarda eng ko‘p o‘rinlarni qo‘lga kiritganidan so‘ng Prezident Mahmud Abbos tomonidan Falastin Bosh vaziri etib tayinlangan edi. Biroq bir yil o‘tib, HAMAS guruhi bir haftalik halokatli zo‘ravonliklarda Abbosning Fath partiyasini G‘azo sektoridan siqib chiqarganidan so‘ng lavozimidan ozod etildi. Biroq o‘sha vaqtlarda Ismoil Xoniya o‘zining ishdan bo‘shatilishini “konstitutsiyaga zid” deya rad etib, uning hukumati “Falastin xalqi oldidagi milliy mas’uliyatidan voz kechmasligini” aytgan va G‘azoda hukmronlikni davom ettirishini ta’kidlagan. U 2017 yilda HAMAS siyosiy byurosi rahbari etib saylandi. Ammo bu voqeadan bir yil o‘tib, 2018 yilda AQSH Davlat departamenti HAMAS yetakchisini terrorchilar ro‘yxatiga kiritdi. Shunday bo‘lsa-da, u o‘z faoliyatini to‘xtatmadi. Ancha yillardan buyon Isroilning Falastin va G‘azo sektoriga bo‘lgan tajovuzlariga qarshi yirik va og‘riqli urushlar olib bordi. Bu qarshilik harakati esa ortda qolgan 10 oyda o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqandi. 2023 yil oktyabrda HAMAS Isroilning mintaqadagi provokatsiyalariga chek qo‘yish uchun Netanyaxuning agressiv hukumati tanobini tortib qo‘yishi mumkinligini ma’lum darajada isbotladi. So‘nggi bir necha yillar davomida Qatarda yashab kelayotgan Ismoil Xoniya HAMAS qarshilik harakati diplomatiyasining yuzi bo‘lib kelayotgandi. Ammo u endi yo‘q.
U qahramonmidi?
Isroilning G‘azodagi qirg‘ini davomida HAMASning qarshiliklari va Xoniyaning xarizmasi ushbu harakat byurosining obro‘sini ancha oshirib yubordi. 62 yoshli lider ko‘pchilik ko‘z o‘ngida HAMASning umumiy rahbari sifatida gavdalandi. Ismoil Xoniya mojaro davomida juda kuchli xarakterga ega shaxs sifatida yodda qoldi. Bu uning o‘z oila a’zolari Isroil bosqinchilari tomonidan birin-ketin qirib tashlanayotgan bo‘lishiga qaramay, zimmasiga olgan mas’uliyatni davom ettirganida namoyon bo‘ldi. Xususan, joriy yilning 10 aprelida Isroil armiyasi G‘azodagi “Al-Shati” qochqinlar lagerida uning oila a’zolari bo‘lgan mashinaga hujum qildi. Havo hujumi oqibatida Xoniyaning uch o‘g‘li Hazim, Amir va Muhammad hamda ular bilan to‘rt nafar nabirasi ham halok bo‘lgandi. Isroil matbuoti esa Xoniya o‘g‘illarining o‘ldirilishi Isroil armiyasi va razvedkasi hamkorligida amalga oshirilgani haqida xabar bergandi. Ismoil Xoniya ushbu voqelikni tushuntirar ekan, uning o‘g‘illari G‘azoni eng og‘ir pallalarda ham tashlab ketmagani va qahramonlarcha halok bo‘lganini ta’kidlagandi. O‘sha paytda HAMAS liderining ushbu og‘ir judolikka bo‘lgan o‘ta sovuqqon va qat’iy munosabati dunyoni hayratga soldi. Xoniya mazkur xabarni quyidagicha qarshi olgandi. U “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida quyidagi ta’sirli so‘zlarni aytgandi.
“Oilamning o‘limi HAMASni Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni yumshatishga majburlamaydi. Dushman rahbarlarning oilalarini nishonga olib, ularni xalqimiz talablaridan voz kechishga undaydi, deb hisoblaydi. O‘g‘illarimni nishonga olish HAMASni o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga undaydi, deb ishongan odam adashadi... O‘g‘illarimning qoni xalqimiz qonidan aziz emas”.
HAMAS to‘xtaydimi?
Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishi ortda qolgan soatlarda hali keng dunyo hamjamiyati tomonidan halokat sifatida ko‘rilganicha yo‘q. Bunga esa ko‘p ehtimol uning AQSH “qora ro‘yxat”idan o‘rin olganligi bilan izohlash mumkin. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, Rossiya, Turkiya va voqea sodir bo‘lgan Eron bu ishni qoralab chiqdi. Rossiya Federatsiyasi bu hujumni “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” deb ta’riflagan bo‘lsa, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi hujum “G‘azodagi urushni mintaqaviy darajaga” oshirganini aytdi. Eron Tashqi ishlar vazirligi esa voqeaga munosabat bildirar ekan, Xoniyaning “shahidligi” Tehron, Falastin va HAMAS o‘rtasidagi chuqur va uzilmas rishtalarni mustahkamlashini ta’kidladi. Bu hozirgacha bo‘lgan vaqt davomida rasmiy markazlar tomonidan bildirilgan bayonotlar edi.
Ammo HAMAS kelajagi va uning keyingi harakatlari qanday yo‘nalish olishi haqidagi dolzarb savollarga javob bergan bayonotlar harakatning boshqa rahbarlari va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan bir qancha kuchlar tomonidan yangradi. Xususan, guruhning siyosiy byurosi a’zosi Muso Abu Marzuk bu harakat javobsiz qolmasligini aytdi. HAMASning yana bir yuqori martabali rasmiysi Sami Abu Zuhriy esa harakat “o‘z yo‘lida davom etishini” qat’iy ta’kidladi. Yana bir yirik Isroilga qarshi bo‘lgan tashkilotlardan biri “Hizbulloh” HAMAS yetakchisining o‘ldirilishi “qarshilik jabhalaridagi barcha jangchilarning qat’iyati va shijoatini oshiradi” deya ta’kidladi. Eron Tashqi ishlar vazirligi esa hayotini Isroilga qarshi kurashda o‘tkazgan “bu jasur jangchining sof qoni hech qachon zoye ketmasligini” aytib, Isroilni hushyor torttiruvchi bayonot berdi. Islom Respublikasining Milliy Xavfsizlik Kengashi esa suiqasd “qizil chiziqdan” o‘tganini va bu “dushmanga juda qimmatga tushishini” jiddiy ohangda ta’kidladi.
Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy HAMAS harakati Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyaning o‘limi uchun Isroildan qasos olishga va’da berdi.
“Bu harakati bilan jinoyatchi va terrorchi sionistik rejim og‘ir jazoga sabab bo‘ldi va biz Eron Islom Respublikasi hududida shahid bo‘lgan shaxsning qoni uchun qasos olishni o‘z burchimiz deb bilamiz”, deydi Xomanaiy.
Ko‘rinib turibdiki, Xoniyaning o‘limi Isroil uchun biron bir yengillik taqdim qilishi dargumon. Isroil uchun bu voqeadan orttirilgan yagona natija bu unga qarshi bo‘lgan kuchlarning yanada jonlanishi, hushyor tortishi hamda nafrat va jazavasiga kerosin sepishiga olib kelishi mumkinligidir. Yaqin Sharqda siyosat qozoni qaynashda davom etadi.
LiveBarchasi