HAMASning barcha a’zolari Qatardan chiqib ketdi – OAV

Olam

image

Falastinning HAMAS harakati siyosiy byurosining barcha a’zolari oilalari bilan birga Qatardan chiqib ketdi. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib, “Sky News Arabia” telekanali xabar berdi. 

“HAMAS rahbariyatining barcha a’zolari oilalari bilan birgalikda Qatardan chiqib, turli yo‘nalishlarga ketishdi”, deyiladi xabarda. 

Amerikalik manbalar ham Isroilning “Kan-11” telekanaliga bergan izohlarida HAMAS rahbarlarining Qatardan chiqib ketganini tasdiqlagan.

“HAMAS rahbarlari AQSHning hamkori bo‘lgan davlat poytaxtida qolishga loyiq emas”, deya bayonot bergan amerikaliklar. 

Manbalarga ko‘ra, HAMASni Qatardan chiqarish qarori tashkilot rahbariyatining garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvlardan, jumladan, tashkilotning sobiq yetakchisi Yahyo Sinvarning o‘ldirilishidan keyin Dohada bo‘lib o‘tgan sammitda muhokama qilingan qisman kelishuvdan voz kechishda davom etgani sababli qabul qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 noyabr kuni Qatar hukumati G‘azo sektorida sulh tuzish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda vositachilik rolidan voz kechib, HAMAS harakatini o‘z idorasini Dohadan ko‘chirish zarurligi haqida ogohlantirgan edi.

19 noyabr kuni Qatar Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Majid bin Muhammad al-Ansariy HAMASning G‘azo bo‘yicha muzokaralar guruhi a’zolari Dohada emasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, u HAMAS siyosiy byurosi ofisi Qatarda muloqot uchun joylashganini, vositachilik funksiyalari bo‘lmasa, harakat vakolatxonasi mavjud bo‘lishiga zarurat ko‘rilmayotganini ta’kidlagan. 

Shundan so‘ng, “The Times of Israel” nashri ismi oshkor etilmagan arab diplomatik manbasiga tayanib, HAMASning yuqori lavozimli rahbarlari Qatar vositachilikni to‘xtatganidan so‘ng Turkiyaga ketganini yozgandi. Ushbu xabar keyinchalik HAMAS va Turkiya tashqi ishlar vazirligi tomonidan rad etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qatar HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing