HAMAS o‘ldirgan odamlar tinch aholi emas edi – Homanaiy
Olam
−
17 Oktabr 2023
15469Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Homanaiyning aytishicha, HAMAS jangarilari hujumi oqibatida halok bo‘lgan va jabrlangan Isroil aholi punktlaridagi odamlar tinch aholi bo‘lmagan. Bu haqda IRNA axborot agentligi xabar berdi.
“Falastinning bosib olingan hududidagi aholi punktlarida yashovchi odamlar tinch aholi emas, chunki ularning aksariyati qurollangan”, degan Eron oliy rahnamosi.
Uning aytishicha, agar yahudiy davlati G‘azo sektoriga hujum qilishda davom etsa, Isroilga qarshi chiqayotgan guruhlarni hech kim to‘xtata olmaydi.
“Agar sionistik rejimning jinoyatlari davom etsa, butun dunyo musulmonlari va qarshilik kuchlarining sabr kosasi to‘ladi. Shunda ularni hech kim to‘xtata olmaydi”, deydi Homanaiy.
Shuningdek, Ali Homanaiy Eron G‘azo sektoriga yirik havo hujumlarini boshlagan Isroil harakatlariga javob yo‘llashi kerakligini aytgan.
“Biz javob berishimiz, G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealarga munosabat bildirishimiz kerak. [Falastin anklavidagi] tinch aholi ochlikdan o‘lmoqda. Har kuni yuzlab odamlar o‘lmoqda, bunga biz reaksiya bildirishimiz shart”, deya ta’kidlaydi Eron oliy rahbari.
Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanani Chafiy Isroil bilan qurolli to‘qnashuv ssenariylarining hech birini rad etib bo‘lmasligini aytgan.
“[Isroilga] qarshilik ko‘rsatish o‘qi biron-bir jabha bilan chegaralanib qolmaydi, shuning uchun sionistlar hech qanday qurolli to‘qnashuv ssenariylarini istisno qilmasligi kerak. Qarshilik kuchlari qo‘llarini cho‘zmoqda va bu qo‘llar bo‘sh qolmaydi: tez orada sionistlarning harakatlariga profilaktik munosabat amalga oshiriladi”, deya ta’kidlaydi Kanani Chafiy.
Kecha, 16 oktyabr kuni TIV rahbari Husayn Amir Abdullohiyon ham xuddi shunday tezis bilan chiqqan. Eron telekanallaridan biriga bergan intervyusida u Isroilga qarshi bo‘lgan guruhlar yaqin soatlarda “dastlabki choralar” ko‘rishini aytgan. Xususan, u “Hizbulloh” yetakchisi Shayx Hasan Nasrulloh bilan uchrashganini eslatib, uning oldida barcha mumkin bo‘lgan variant va ssenariylar borligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, G‘azoda vaziyat taranglashuvi fonida Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon mintaqa bo‘ylab safar qilishni boshlagan edi. U Iroqda Bosh vazir Muhammad al-Sudaniy bilan, Livanda “Hizbulloh” yetakchisi Shayx Hasan Nasrulloh bilan uchrashdi. Abdullohiyon Eron Isroilga qarshi yangi front ochishi mumkinligini aytdi. Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy esa Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqotda Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaro hududidagi vaziyatni muhokama qildi.
LiveBarchasi