HAMAS to‘rt nafar isroillikni ozod qildi (video)

Olam

image

Bugun, 25 yanvar kuni Falastinning HAMAS harakati G‘azo sektorida saqlanayotgan to‘rt nafar isroillik ayolni Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillariga topshirdi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ularni Isroil armiyasi (IDF) askarlari qabul qilib olgan. Umumiy hisobda ular asirlikda 477 kun o‘tkazgan.

Isroil Bosh vaziri devoniga ko‘ra, HAMAS 19 yoshli Liri Albag, Karina Arayev, Daniela Gilboa va Naama Levini (uchalasi ham 20 yoshda) ozod qilgan. Qizlar Isroil razvedka askarlari bo‘lgan. 

Nashrga ko‘ra, qizlar harbiy kiyimda chiqib kelgan. Ularning yonlarida HAMASning “esdalik sovg‘alari” ham bo‘lgan. 

“Isroil harbiy xizmatchilariga topshirilgandan so‘ng, garovga olinganlar G‘azo sektoriga tutash hududdagi dastlabki qabul qilish punktiga yetkaziladi va u yerda ota-onalari bilan uchrashadi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, u yerda qizlar dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, so‘ngra  Isroilga olib ketiladi. AFP xabariga ko‘ra, Isroil o‘z navbatida bugun 200 nafar falastinlik mahbusni ozod qiladi. Ular orasida umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 120 kishi ham bor. 

Eslatib o‘tamiz, Isroil, Falastinning HAMAS harakati, AQSH va Qatar vakillari 16 yanvar kuni kechqurun Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzolagandi. O‘sha kuni kechqurun HAMAS birinchi asirlar guruhini ozod qildi. Ular uch nafar shaxsdan iborat bo‘lgan. Isroil esa 90 falastinlik mahbusni ozod qilgan. “The Washington Post” nashrining yozishicha, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘ng qanot koalitsiyasidagi hamkorlariga HAMAS bilan sulhning birinchi bosqichidan so‘ng G‘azo sektorida harbiy operatsiyani qayta boshlashga va’da bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing