HAMAS Isroilning Saudiya bilan aloqacini buzishni xohlaydi – Bayden 

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden HAMASning hujumlari Isroil va Saudiya Arabistoni munosabatlariga putur yetkazish maqsadida uyushtirilganini aytdi. Bu fikrni u bugun, 21 oktyabr kuni mablag‘ yig‘ish marosimida bildirdi.

“Ular mening saudiyaliklar bilan muzokara stoliga o‘tirayotganimni bilishardi. Saudiyaliklar Isroilni tan olib, Yaqin Sharqni birlashtirish niyatida edi”, deydi Bayden 

AQSH yetakchisiga ko‘ra, HAMASning Isroilga hujum qilishi sabablaridan biri shundaki, u Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayonini buzishi kerak bo‘lgan.

Avvalroq, to‘g‘rirog‘i HAMASning Isroilga hujumining ertasi kuni – 8 oktyabrda AQSH Davlat kotibi Antoni Blinken ham xuddi shunday fikr bildirgan. 
“Qarang, munosabatlar normallashishiga kim qarshi? HAMAS, “Hizbulloh”, Eron. Shuning uchun motivatsiyaning bir qismi Saudiya Arabistoni va Isroilni, shuningdek, Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishdan manfaatdor bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa mamlakatlarni birlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni buzish bo‘lishi mumkinligi ajablanarli emas ", deb tushuntirgan Blinken.

Isroilning G‘azoga hujumi boshlangach Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon blokadadagi G‘azo sektoriga zarba berishni to‘xtatish zarurligini ma’lum qilgan.

"Biz bugun G‘azo sektorida zo‘ravonlik kuchayib borayotganidan qayg‘udamiz, buning uchun begunoh fuqarolar tovon to‘layapti",  degan u.

Ma’lumot uchun, Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘q. Biroq, AQSH ma’muriyati Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Marokash, Sudan va Isroil o‘rtasida erishilgan kelishuvga o‘xshash Ar-Riyod va Tel-Aviv o‘rtasida vositachilik qilmoqda.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda halok bo‘lganlar soni 4,3 mingdan oshdi, ulardan 1756 nafari bolalar. Shuningdek, 13,5 mingdan ortiq kishi jarohat oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Bayden Saudiya HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing