HAMAS Isroil bilan 5 yillik sulh tuzishga tayyor – OAV
Olam
−
26 aprel 4228 2 daqiqa
HAMAS Isroil bilan besh yillik sulh tuzishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu haqda harakat vakiliga tayanib, “France 24” xabar berdi.
Vakilning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS G‘azo sektorida saqlanayotgan barcha isroillik garovdagilarni falastinlik mahbuslarga almashtirish sharti bilan ozod qilishga ham tayyor.
BBC manbalariga ko‘ra, qatarlik va misrlik vositachilar Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushni tugatish uchun yangi formula taklif qilgan bo‘lib, unda besh yildan yetti yilgacha bo‘lgan sulh muddati nazarda tutilgan.
Bungacha HAMAS Isroilning 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish va 10 nafar tirik garovdagini qaytarishni nazarda tutgan taklifini rad etgan. Guruh o‘rniga urushni to‘liq tugatish, Isroil armiyasining G‘azo sektoridan to‘liq chiqib ketishi va eksklavga gumanitar yordam yetkazib berilishini ko‘zda tutuvchi “kompleks” kelishuvni talab qilmoqda.
Isroil esa 2023 yilgi hujumlar vaqtida asirga olingan barcha garovdagilarning qaytarilishini va HAMASning qurolsizlantirilishini talab qilmoqda. Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida hanuz 58 kishi garovda qolmoqda, ularning 34 nafari halok bo‘lgan deb hisoblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvarida Isroil va HAMAS Misr, Qatar va AQSH vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Birinchi bosqich 42 kun davom etdi, bu davrda almashishga kelishilgan 33 garovdagidan 25 nafari tirik holda uylariga qaytdi, 8 nafari esa asirlikda halok bo‘ldi. Ikkinchi bosqich muzokaralari esa boshlanmay qolgandi va mart oyida Isroil armiyasi G‘azo sektoriga hujumlarni qayta boshladi.