HAMAS G‘azoni tark etishi mumkin bo‘lganlarning ro‘yxatini e’lon qildi

Olam

image

HAMAS Rafah nazorat punkti orqali G‘azo sektorini tark etishi mumkin bo‘lgan odamlar ro‘yxatini e’lon qildi. Bu haqda uning Facebook'dagi sahifasida ma’lum qilindi.

“Biz 1 noyabr kuni Rafah nazorat-o‘tkazish punkti orqali o‘ta oladigan boshqa davlatlarning pasporti egalarining ro‘yxatini e’lon qilamiz. Hujjatda ko‘rsatilgan fuqarolar o‘tish jarayonini osonlashtirish uchun soat 07:00 da nazorat-o‘tkazish punktida bo‘lishlari kerak”, deyiladi HAMAS xabarida.

Nazorat-o‘tkazish punktiga belgilangan muddatdan kechikib borganlarning chegaradan o‘tishiga ruxsat berilmasligi mumkin. Ro‘yxat tunda e’lon qilingan, ular haqidagi ma’lumotlar HAMASning boshqa sahifalarida takrorlanmagan.

HAMAS tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatdagilar orasida Avstraliya, Avstriya, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Finlyandiya, Chexiya va Yaponiya fuqarolari bor. Bundan tashqari, anklavda faoliyat yuritayotgan Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi va nodavlat tashkilotlar xodimlariga G‘azodan chiqib ketishga ruxsat berilgan. HAMAS qaysi nodavlat tashkilotlarini nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan.

Ma’lumot uchun, ro‘yxatda hammasi bo‘lib  kamida 430 kishi bor. Ular orasida chet el fuqarolari, xalqaro va nodavlat tashkilotlar xodimlaridan tashqari ikki nafar fuqarolikka ega falastinlik ham bor.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil rasmiylari G‘azo sektorining 2,3 million aholisini Misrning Sinay yarimoroliga ko‘chirish g‘oyasini taklif qilgan mamlakat Razvedka vazirligi hujjati mavjudligini tan olgandi. Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi esa falastinliklarni G‘azo sektoridan Sinay yarimorolidagi Arab Respublikasi hududiga ko‘chirish g‘oyasini qat’iyan rad etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

G'azo HAMAS Rafah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing