HAMAS G‘azo ustidan hukmronlikni topshirishga tayyor – OAV
Olam
−
17 fevral 2025 6010 2 daqiqa
Falastinning HAMAS guruhi G‘azo sektoridagi hokimiyatni Falastin Milliy ma’muriyatiga topshirishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda manbalariga tayanib, “Sky News Arabia” xabar berdi.
Qayd etilishicha, HAMAS buning uchun shart qo‘ymoqda. Unga ko‘ra, yangi ma’muriyatda guruhning ish o‘rinlari saqlab qolinadi yoki xodimlar nafaqaga chiqarilib, ularga kafolatlangan to‘lovlar taqdim etiladi.
Manbalarga ko‘ra, bu pozitsiya HAMAS tomonidan Falastinni ozod qilish tashkilotiga (PLO) yuborilgan maktubda bayon etilgan. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, bunday qarorga kelishda Misrning bosimi muhim rol o‘ynagan.
“The Guardian” nashriga ko‘ra, G‘azo sektorida HAMASning mavjudligi bahsli masala. Nashr ekspertlarning fikrlariga tayanib, guruh jamoatchilik fikriga bog‘liqligi sababli murosaga borganini qayd etadi. Yevropa Tashqi munosabatlar kengashining Falastin siyosati bo‘yicha mutaxassisi Hyu Lovattning so‘zlariga ko‘ra, HAMASni G‘azodagi aholi orasida 35 foiz odam qo‘llab-quvvatlaydi.
Oldinroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio HAMAS “boshqarishga, ma’muriyat yuritishga yoki zo‘ravonlik bilan tahdid qilishga qodir kuch sifatida” saqlanib qolayotgan ekan, tinchlikka erishish imkonsiz ekanini aytgandi. U guruhni butunlay yo‘q qilish zarurligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Falastindagi asosiy kuchlar – HAMAS (G‘azo sektorini boshqaradi) va PLO (Iordan daryosining g‘arbiy sohilini boshqaradi va u FATH tomonidan tashkil etilgan) hisoblanadi. Ularning o‘rtasidagi kelishmovchilik 1980 yillardan beri davom etmoqda. PLO qurolli usullardan voz kechib, Isroil bilan muzokaralar yo‘lini tanlagan bo‘lsa, HAMAS qurolli kurash tarafdori bo‘lib qolgan. HAMAS 2007 yilda FATH bilan qurolli to‘qnashuvdan so‘ng G‘azo sektorida hokimiyatni qo‘lga olgan.
O‘tgan yozda HAMAS hamda yana 13 ta falastin fraksiyasi milliy ma’muriyat tuzish bo‘yicha kelishuvga erishgan. PLO esa “Falastin xalqining yagona qonuniy vakili” deb e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq HAMAS harakati Isroil bilan sulh doirasidagi garovdagilarni almashishning oltinchi bosqichida uch nafar isroillikni ozod qilib, ularni Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillariga topshirgan edi. Bunga javoban Isroil 369 falastinlik mahbusni ozod qilgan. Bu mahbuslar Isroil tomonidan asossiz ayblovlar yoki sud hukmisiz qamoqda saqlangan. Ushbu almashinuv sulh tuzilgandan beri eng yirik ozodlik operatsiyasi bo‘lgan.
Mahbuslarning aksariyati G‘azoda hibsga olingan va yana o‘sha yerga qaytarilgan. Mahbuslarning 10 nafarga yaqini bosib olingan G‘arbiy Sohilga, biri bosib olingan Sharqiy Quddusga, qolganlari esa Misr orqali boshqa qabul qiluvchi davlatlarga jo‘natilgan.
Live
Barchasi