HAMAS Falastin davlati tuzilmaguncha qurolni tashlamasligini aytdi
Olam
−
02 avgust 3928 2 daqiqa
Bugun, 2 avgust kuni HAMAS guruhi qurolni faqat mustaqil Falastin davlati tashkil etilib, uning poytaxti Quddus bo‘lishi ta’minlangandagina topshirishga rozilik bildirdi. Bu haqda HAMAS bayonotiga tayanib, “Al-Arabiya” nashri xabar berdi.
“Bizning qurolli qarshiligimiz to‘xtamaydi. U faqat milliy huquqlarimiz to‘liq tiklanganda va Falastin davlati tashkil etilgandagina yakunlanadi“, deyiladi guruh bayonotida.
Qayd etish joiz, bu bayonot AQSH vakili Stiv Utkoffning HAMAS qurolni topshirmasligi haqidagi so‘zlari yangragan paytda e’lon qilindi.
HAMAS, shuningdek, Uitkoffning G‘azo sektoriga, ayniqsa insonparvarlik yordami tarqatiladigan markazga qilgan tashrifini tanqid qilgan. Ular bu tashrifni “xalqaro jamoatchilikni aldash uchun uyushtirilgan teatr” deb atadi.
HAMAS AQSHni quyidagi choralarni ko‘rishga chaqirdi:
- G‘azodagi urushni to‘xtatish;
- Isroil qo‘shinlarini olib chiqish;
- Anklavdagi blokadani bekor qilish.
Uitkoff esa bergan bayonotida G‘azoda urushni to‘liq tugatish va siyosiy kelishuvga erishish hozirgi eng muhim vazifa ekanini aytgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 1 avgust kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff G‘azo sektoriga tashrif buyurib, yordam taqsimlanadigan punktlarni ko‘zdan kechirgandi. Uning safaridan maqsad – G‘azodagi oziq-ovqat inqirozi fonida AQSH tomonidan ishlab chiqilayotgan yordam rejasini aniqlashtirish edi. Uitkoff Rafah shahrida joylashgan tarqatish markaziga borgan. Bu tashrif G‘azoga hozirgacha bo‘lgan eng yirik havo orqali gumanitar yordam yetkazilgan kunga to‘g‘ri kelgan. Yordam BAA, Iordaniya, Germaniya, Ispaniya, Belgiya, Fransiya va Bahrayn tomonidan yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 2 avgust kuni Isroilning Tel-Aviv shahrida garovga olinganlarning oilalari bilan uchrashuvda Stiv Uitkoff HAMAS bilan olib borilayotgan garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda hozircha hech qanday ijobiy yangilik yo‘qligini bildirgandi.
Live
Barchasi