HAMAS AQSHning G‘azoda sulh tuzish bo‘yicha taklifiga javob berdi

Olam

image

HAMAS AQSH tomonidan ilgari surilgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifga o‘z javobini taqdim etdi. Bu haqda muzokaralar bilan tanish bo‘lgan falastinlik amaldorga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Manbaning aytishicha, guruhning reaksiyasi “ijobiy” bo‘lgan va ular ham “kelishuvga erishish uchun hissa qo‘shishi kerak”.

Bungacha AQSH Prezidenti Donald Tramp deyarli 21 oydan beri davom etayotgan Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli mojaroda 60 kunlik sulh taklifini “yakuniy taklif” deb atagan edi. U har ikki tomondan tez orada javob kutayotganini bildirgan. “Reuters” manbasi HAMAS o‘z javobini vositachilar – Qatar va Misrga allaqachon yetkazganini aytgan.

“HAMASning javobi ijobiy va menimcha, bu kelishuvga erishishga yordam beradi hamda uni osonlashtiradi”, deydi u.

Kecha, 4 iyul kuni jurnalistlar “HAMAS kelishuvga rozi bo‘lganmi?”, degan savol bilan Trampga murojaat qilganida u: “Buni 24 soat ichida bilib olamiz”, deb javob bergan. Shuningdek, Tramp G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha “qat’iy pozitsiya”da turishini va Isroil Bosh vaziri ham vaziyatni yumshatishga qiziqish bildirganini aytgan.

“Umid qilamizki, bu amalga oshadi va biz sabrsizlik bilan bu voqeaning kelasi hafta sodir bo‘lishini kutyapmiz. Biz garovdagilarni ozod qilishni xohlaymiz”, deydi Tramp.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Isroil 60 kunlik vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini bildirgan edi. Shu davr mobaynida G‘azodagi harbiy mojaroni butunlay yakunlashga qaratilgan qadamlar tashlanishi rejalashtirilgan.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hozircha Trampning bayonotiga ochiq izoh bermagan. Biroq “Reuters” tahliliga ko‘ra, Tel-Aviv va HAMASning rasmiy ritorikasi hanuz keskin va murosasizligicha qolmoqda. Netanyaxu bir necha bor HAMASni qurolsizlantirish tinchlikka erishish uchun majburiy shart ekanini ta’kidlagan. Biroq taxminlarga ko‘ra, hanuz 20 ga yaqin garovdagilarni ushlab turgan HAMAS bu mavzuni muhokama qilishdan bosh tortmoqda.

G‘azo sektoridagi qurolli mojarolar 2023 yil oktabr oyida HAMAS askarlarining Isroil hududiga hujumi ortidan boshlangan edi. 2024 yil yanvar oyida tomonlar ikki oyga cho‘zilgan vaqtinchalik sulhga erishgan. 18 mart kuni esa Isroil armiyasi G‘azodagi harbiy amaliyotlarni qaytadan boshlagan va ularni kengaytirgan.


Maqola muallifi

Teglar

sulh G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing