HAMAS 11 yil oldin halok bo‘lgan yahudiy askarining jasadini Isroilga topshirdi

Olam

image

HAMAS harakati 2014 yilda “Sindirilmas qoyalar” (“Protective Edge”) harbiy amaliyoti vaqtida halok bo‘lgan leytenant Hadar Goldinning jasad qoldiqlarini Isroilga qaytardi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, harbiy xizmatchining tobuti kecha, 9 noyabr kuni harakat tomonidan Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vositachiligida topshirilgan. “Financial Times” nashrining yozishicha, sud-tibbiy ekspertiza instituti oldida yuzlab isroilliklar jasadning aniqlanish natijalarini kutib to‘plangan. Nashr Hadar Goldinni Isroilning “milliy ramzlaridan biri” deb atagan — masalan, leytenantning surati Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning ish stolida turgan.

“Bu yillar davomida barcha Isroil hukumatlari Goldinni qaytarish uchun katta sa’y-harakatlar olib bordi. Tabiiyki, bu uning oilasi uchun og‘ir azoblar davri bo‘ldi, biroq endi ular o‘g‘lini yahudiy urf-odatlariga ko‘ra dafn etishlari mumkin. Davlat tashkil topgan kundan beri bizda bir vasiyat bor — jangda halok bo‘lgan askarlarimizni qaytarish”, deydi Isroil Bosh vaziri Netanyaxu hukumat yig‘ilishida.

Ma’lumot uchun, 2014 yilda HAMAS’ning harbiy infratuzilmasini yo‘q qilish maqsadida o‘tkazilgan amaliyot chog‘ida 66 nafar isroillik harbiy halok bo‘lgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, falastinliklar orasida 2 mingdan ortiq kishi, asosan tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Isroil Mudofaa vazirligi o‘sha paytda 23 yoshli Hadar Goldin jang paytida asirga olinganini bildirgan edi. Keyinchalik Isroil uni halok bo‘lgan deb tan olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq HAMAS harakati tomonidan uch nafar halok bo‘lgan garovdagilarning jasadi solingan tobutlar Qizil Xoch orqali Isroil mudofaa kuchlari va Bosh xavfsizlik xizmatiga topshirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

HAMAS yahudiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing