Ham kulgili, ham mantiqsiz. Vazirlik Behruz Hamzayevni tuhmatda aybladi
Jamiyat
−
28 may 2020
12448Joriy yilning 26 may kuni bloger Kirill Altmanning Behruz Hamzayevdan olgan intervyusi e’lon qilindi. Mazkur intervyuda Behruz Hamzayev World Influencers Network asoschisi, “ZIYO FORUM” rivojlanish va ta’lim jamg‘armasi direktori o‘rinbosari, Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzilishining tashabbuskori, hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining sobiq maslahatchisi, O‘zbekistonda amalga oshirilgan ko‘plab loyihalar, konsepsiyalar, strategiyalar va qonunlarning muallifi sifatida tanishtirildi.
Behruz Hamzayev suhbat davomida “Innovatsion rivojlanish vazirligining g‘oyasi mendan chiqqan, ular vazirlik nomini ham noto‘g‘ri qo‘ygan” deb fikr bildirgan. Hamzayevning ushbu iddaosiga Innovatsion rivojlanish vazirligi raddiya berdi.
“Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yilning noyabr oyida tashkil etilgani hech kimga sir emas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi №PF-5264 son “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2017 yil 30 noyabrdagi №PQ-3416 son O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarorini yozish ishlarida uning ishtiroki haqida hech qanday rasmiy ma’lumotlar ham yo‘q.
To‘g‘ri, Behruz Hamzayev ko‘rsatgan “O‘zbekiston Respublikasining kelajak, novatorlik va hamkorlik vazirligi” deb nomlangan broshyurasi uch yil avval o‘zi tilga olmagan mas’ul xodimlarga taqdim etilgan va uning bu g‘oyasini kimdir qo‘llab-quvvatlagan ham bo‘lishi mumkindir. Lekin bu uning “Innovatsion rivojlanish vazirligini men tashkil etganman” deyishi uchun zinhor asos bo‘la olmaydi. Bundan tashqari, Behruz Hamzayev Innovatsion rivojlanish vazirligida rasman faoliyat yuritmagan, uning akasi Behzod Hamzayev boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan davrda Behruz akasini oldida yurgan.
Behruz Hamzayev Prezidentning vazirlik tashkil etilishi to‘g‘risidagi Qarori va Farmonini yozganini, bu qarorlar bilan Birlashgan Arab Amirliklarining Kelajak vazirligi kabi Innovatsion rivojlanish vazirligiga Vazirlar Mahkamasining vazifalari berilganini, ayni kunlarda vazirlik “super vazirlik” sifatida o‘z vazifalarini bajarmayotgani bo‘yicha e’tirozlarini bayon etadi. Biroq u tilga olgan lex.uz saytidagi Qaror va Farmon bilan tanishgan har bir inson vazirlik Vazirlar Mahkamasiga tenglashtirilmaganiga hamda uning vazifalari va funksiyalari Behruz Hamzayev tasvirlaganidan o‘zgacha ekaniga amin bo‘lishi mumkin.
Shu o‘rinda Behruz Hamzayev Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzilganidan beri biror ish qilmagani haqida ham gapiradi. Bu gaplarining o‘rinsiz va asossiz, joiz bo‘lsa, shu vazirlikda faoliyat yuritgan va yuritayotgan davlat xizmatchilariga nisbatan tuhmat ekaniga O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkil etilganidan boshlab amalga oshirilgan asosiy faoliyati natijalari to‘g‘risida ma’lumot bilan tanishib amin bo‘lish mumkin.
Behruz Hamzayevning vazirlikni tashkil etilishi bo‘yicha hujjatlarni tayyorlash uchun 50 ming AQSH dollari sarflagani haqidagi gapi esa O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari faoliyati bilan ozroq bo‘lsa-da tanish bo‘lgan har qanday kishi uchun ham kulgili, ham mantiqsiz iddaodir.
Innovatsion rivojlanish vazirligi shubhasiz iqtidorli yosh mutaxassis, turizm sohasida amalga oshirgan loyihalari bilan tanilgan Behruz Hamzayevning keyingi ishlariga muvaffaqiyatlar tilaydi va kelajakda u tomonidan taklif etilishi mumkin bo‘lgan yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun xizmat qiladigan amaliy loyihalar bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qiladi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
O‘z navbatida, vazirlik bloger Kirill Altmandan shu kabi mantiqsiz intervyularni tarqatmaslikni so‘ragan hamda blogerning suhbatdoshi tomonidan berilgan fikrlar va mulohazalar davlat organini haqoratlash bilan baravar ekanini eslatgan.
LiveBarchasi