“Hali ham yig‘layapman.” Messining onasi o‘g‘lining terma jamoadan ketishi haqida gapirdi

Sport

image

Lionel Messining onasi Seliya Kuchchittini o‘g‘lining xalqaro faoliyatini yakunlash qaroridan so‘ng butun oila qayg‘uda ekanini aytdi. Bu haqda u jurnalist Adrian Pallyares bilan intervyuda so‘z ochdi.

Messi 21 yildan so‘ng Argentina terma jamoasi bilan xayrlashishini e’lon qildi.

“Hali ham yig‘layapman. Bu haqda oldindan bilgan bo‘lsak-da, butun oila qayg‘uda. Lekin eng muhimi, u baxtli”, deydi Kuchchittini.

Messining onasi, shuningdek, avgust oyida turmush o‘rtog‘idan ayrilgani bu davrni oila uchun yanada og‘irlashtirganini ta’kidladi.

U eri Leo haqida tez-tez: “U endi futbol o‘ynamay qo‘ysa, men nima qilaman?”, deya aytganini ham esladi.

Messi xayrlashuv maktubida oilasi, murabbiylari, jamoadoshlari va Argentina terma jamoasidagi uzoq yillik faoliyati davomida u bilan birga ishlagan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi.

Afsonaviy hujumchi milliy terma jamoa bilan xayrlashayotganda qalbida faxr va xotirjamlik hissi borligini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, 39 yoshli Messi 2023 yildan beri Shimoliy Amerika Oliy futbol ligasi (MLS) vakili “Inter Mayami”da to‘p tepib kelmoqda. Yevropada argentinalik futbolchi Fransiyaning PSJ va Ispaniyaning “Barselona” klublarida o‘ynagan. “Barselona” bilan u to‘rt marta Chempionlar ligasi, uch martadan UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan.

Hujumchi 2022 yilgi jahon chempioni, 2014 va 2026 yilgi Jahon chempionatlarining kumush medali sohibi, 2008 yilgi Olimpiada chempioni hamda 2021 va 2024 yillardagi Kopa Amerika g‘olibi hisoblanadi. Messi “Oltin to‘p”ni eng ko‘p marta qo‘lga kiritgan futbolchi – 8 karra sovrin sohibi.

Messi Argentina terma jamoasi safida 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 125 ta gol urgan. U har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha ham terma jamoa rekordchisi hisoblanadi. Hujumchi jahon chempionatlarida olti marta ishtirok etgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing