Hakamlarning bahsli qarorlari O‘FAda muhokama qilindi

Sport

f5

O‘zbekiston Superligasida hakamlar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse prezidenti, Jahon chempionatlari tarixida eng ko‘p o‘yinni boshqargan referi Ravshan Ermatov boshchiligida maxsus seminar tashkil etildi. 

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston chempionati uchrashuvlaridagi hakamlik mavzusi keng muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. Shuni inobatga olgan holda, bugun, 27 oktyabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiasida yakunlangan tur uchrashuvlari va bahsli vaziyatlar yuzasidan hakamlar ishtirokidagi seminarda barcha e’tirozli vaziyatlar atroflicha ko‘rib chiqilib, tahlil qilindi.

“O‘FA hakamlar qo‘mitasi har oy yig‘ilib, vaziyatlar va bahsli holatlarni muhokama qilar edik. Ma’lum sabablarga ko‘ra, bu an’ana to‘xtab qolgan edi. Referilar ham oddiy insonlardir, xato qilishi tabiiy. Lekin ataylab xato  qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Agar shunday holat aniqlansa, shaxsan o‘zim bir umrga futboldan chetlatish tarafdoriman. VAR tizimini olib kelishdan maqsad ham adolatli o‘yin qurishdan iborat. 2016 yil FIFA’da ushbu tizimning sinov jarayoni bo‘lib o‘tgan. O‘shanda ko‘plab murabbiylar qabul qila olmagandi. Sababi yuz yil davomida futbol umuman boshqa tizimda edi. 

Uning mas’uliyati juda yuqori. O‘yinni boshqarayotgan inson xato qilishi mumkin, biroq VAR’dagi hakamning xatoga yo‘l qo‘yishga haqqi yo‘q. Qiladigan ishlarimiz juda ko‘p, hakamlikda muammolar yetarlicha. Superliga darajasidagi referi tayyorlash uchun kamida 7-8 yil vaqt kerak bo‘ladi, agar uning futbolga bo‘lgan tushunchasi va qarashlari yuqori bo‘lsa. Tizimli ravishda har bir viloyatdan futbolni tamomlagan 20-21 yoshli hakamlar guruhi tashkil etilgan. Ular har 3 oyda Toshkentda yig‘ilib, instruktorlar bilan ishlamoqda. Biz vaziyatga faqat va faqat tahlil bilan yondashmoqdamiz va to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz”, deydi Ermatov.

FIFA referisi, OFK konstruktori Valentin Kovalenko yig‘ilganlarga Superligada yuzaga kelgan bahsli holatlar yuzasidan tushuntirish va ma’lumotlar berdi. 

Misol uchun, “Navbahor” va “Bunyodkor” o‘yinida ikki futbolchi o‘zaro to‘qnashgan. Bu vaziyatda oq libosdagi namanganliklar futbolchisi xavfli harakat qilgan. Qoida bo‘yicha unga qizil kartochka ko‘rsatilishi kerak edi. Lekin bosh hakam Akobirxo‘ja Shukrullayev mezbonlar foydasiga jarima zarbasi belgiladi. Seminarda referining o‘zi vaziyat juda tez ro‘y bergani va kontaktning ikkinchi qismini ko‘rganini ta’kidladi. VAR assistenti sifatida ishlagan Firdavs Norsafarov esa “stop-kadr”da xatoga yo‘l qo‘yganini tan oldi.

“Paxtakor” – “Qizilqum” uchrashuvida esa bosh hakam Firdavs Norsafarov ikkinchi penaltini belgilashda xato qaror qabul qilgan. Aslida, qoida jarima maydoni tashqarisida buzilgan. Bu vaziyatda penalti emas, jarima to‘pi belgilanishi kerak bo‘lgan. Ushbu o‘yinda VAR tizimidan foydalanilmagan. Norsafarov uchrashuvdan so‘ng, nomuayyan muddatga Superliga o‘yinlaridan chetlatildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentning “Lokomotiv” klubi bosh murabbiyi Mikael Sekeyra “Qo‘qon-1912”ga qarshi kechgan uchrashuvdagi mag‘lubiyatdan so‘ng (1:2), bosh hakam Zokir Qodirovning qarorlariga e’tiroz bildirgan edi. Portugaliyalik mutaxassis futbol rivojlanishi va O‘zbekiston MTJ Jahon chempionatiga chiqishi uchun Yevropa futbol assotsiatsiyasiga (UEFA) qo‘shilish kerakligini ta’kidlagan.

 


Maqola muallifi

Teglar

O'FA Ravshan Ermatov Futbol Superliga Davron Fayziev Hakamlar seminari

Baholaganlar

103

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing